Facebook tasmamizdan keraksiz post va layklarni o‘chiramiz

  •   DiMaX
  •  1118
  •  26.04.2017 10:58

Facebook tasmamizdan keraksiz post va layklarni o‘chiramiz

Facebook’da bir zamonlar o‘zingiz e’lon qilgan postlaringiz, yozgan izohlaringiz, qo‘ygan layklaringiz bugungi qarashlaringizga to‘g‘ri kelmay qolyaptimi? Ularni butkul o‘chirib tashlashni istaysiz, ammo izlab topishga qiynalasizmi? Chrome brauzeri uchun ishlab chiqilgan Facebook Post Manager kengaytmasi ijtimoiy tarmoqdagi kerakli harakatlaringizni izlab topish va o‘chirishda yordam beradi.

Buning uchun avvalo Chrome Web Store katalogidan Post Manager kengaytmasini yuklab olib o‘rnating.

Keyin Facebook’da o‘z sahifangizni ochib, ijtimoiy tarmoqdagi harakatlaringiz tarixini aks ettiruvchi «Jurnal deystviy» bo‘limiga kiring. Unda sizning barcha postlaringiz, izohlaringiz va layklaringiz vaqtga ko‘ra saralangan ro‘yxat tarzida ko‘rinib turadi.

Endi brauzerning jihozlar panelidagi Facebook Post Manager kengaytmasi tugmachasini bosing. Qalqib chiqqan oynada qidiruv parametrlarini belgilang.

Tekshirish lozim bo‘lgan oy va yilni belgilang. Harakatlar tarixingizdagi o‘sha siz o‘chirib tashlamoqchi bo‘lgan postlar, izoh va layklarni birlashtirib turuvchi «kalit so‘z»ni kiriting. Masalan, siz bir paytlar tatuirovkaga qiziqqansiz va bu haqda postlar yozgansiz, birovlarning shu mavzudagi postlarini izohlagansiz, layk bosgansiz. Endi o‘shalardan qutulmoqchisiz va shu so‘z mavjud bo‘lgan harakatlaringizni ijtimoiy tarmoqdagi tarixingizdan butkul o‘chirishingiz kerak. Demak, «tatu» (chunki ko‘pchilik tatuirovkani qisqartirib shunday ataydi) so‘zini kiritib izlashingiz lozim. Darvoqe, mazkur kengaytma orqali «kalit so‘z» mavjud bo‘lgan yoki aksincha – u uchramaydigan harakatlaringizni belgilash imkoni bor.

Xullas, qidiruv parametrlarini belgilab olganingizdan so‘ng, agarda natijalarni yana bir marta ko‘zdan kechirishni istasangiz, Prescan on Page opsiyasini belgilab qo‘ying.

Endi esa, topilgan yozuvlarni nima qilish kerakligini belgilang: o‘chirib tashlaysizmi, yashirasizmi, layklarni bekor qilasizmi yoki zaxira nusxasini yaratasizmi – Facebook Post Manager kengaytmasi barchasiga imkon beradi.

Jarayonni boshlashdan avval kengaytma bu harakatingizning jiddiy ekanligini tasdiqlashingizni so‘raydi. Keyin esa harakatlaringiz tarixini tezda ko‘rib chiqadi va siz belgilagan mezonlar bo‘yicha keraksiz yozuvlarni o‘chirib tashlaydi.

Bo‘ldi, o‘tmish endi o‘tmishda ham qolmadi. Yangi hayot sari olg‘a!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!