Facebook'dagi spam-viruslari: himoyalanish usullari va sabablari

Facebook'dagi spam-viruslari: himoyalanish usullari va sabablari

Hurmatli, Terabayt o‘quvchilari!

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yilning muayyan qismida facebook tarmog‘ida virusli xurujlar oqimi kuchayadi. Bir fursat o‘tib, yana hammayoq suv quygandek tinch bo‘ladi. Bu viruslar tinchigan vaqtda tarmoqda turli-tuman "aksiya" va "viktorina"lar avjiga chiqadi. Turli ilovalar sizni kimga o‘xshashingiz, qaysi uyda yashashingiz, kelajakda sizni nimalar kutayotganini "bashorat" qiladi. Evaziga esa, siz ularga g‘ayriixtiyoriy ravishda ma’lumotlaringizni bergan bo‘lasiz. Aynan mana shunday qizg‘in jarayondan so‘ng virusli hujumlar soni va to‘lqini yanada kuchliroq bo‘lib ortga qaytadi. Boisi, u aksiyalar boshida hakkerlar turgan bo‘ladi. Jahon internet tarmog‘ida noqonuniy faoliyat olib boradigan ma’lumotlar "qora bozori" mavjud. U yerda axborotlar egzabaytlab, ya’ni o‘ta yirik miqdordagi axborot hajmida o‘lchab sotiladi. Jumladan, ular orasida siz aksiyalarda ishtirok etish orqali taqdim qilgan ma’lumotlar ham bor.

Bu ma’lumotlarni xarid qilishdan maqsad moliyaviy jinoyatchilik hisobalandi. Ya’ni, bu mutantlashgan va o‘ta aqlli spam-viruslar smartfon yoki kompyuter tizimi kirishi bilan bank hisob raqamlariga oid ma’lumotlarni qidira boshlaydi. Topgan taqdirda, zudlik ilan o‘z "yaratuvchilari"ga kerakli ma’lumotlarni beradi, hisob raqamidagi pullarni kerakli manbaalarga yo‘naltiradi.

Shuningdek, bu viruslar kompyuter va smartfonlarni bloklab qo‘yib, tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qiladi.

Shu kunlarda facebook tarmog‘ida kiber-xurujlar oqimining kuchaydi. Bir-birimizga xatlar, elektron manzillar va suratlar ko‘rinishidagi spamlar kelmoqda.

 

Shularni hisobga olib, sizga quyidagi tavsiyalarni bermoqchimiz:


1) Agar profilingizadig "Sozamalar" bo‘limiga kira olsangiz (odatda virus bu bo‘limni bloklab qo‘yadi) maxfiy kalit so‘zini almashtiring.

Agar profilizdagi sozlamalarga kira olmasangiz, facebook'ning qo‘llab-quvvatlash markaziga xabar bering.


2) Kimdir sizga qayta va qayta spam xabar yuborayotgan bo‘lsa, u odamni bloklab qo‘ying yoki Facebook ma’muriyatiga bu to‘g‘rida xabar bering.


3) Shaxsiy sahifangizga kirib, Activity Log bo‘limiga kirib, siz bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarga diqqat qiling. Shubhali nimadir bo‘lsa, o‘chirib tashlang.


4) O‘z profilingizdagi Sozlamalar (Settings) qismiga kiring va chap qo‘lda ko‘rinib turgan "Ilovalar" (Apps) bo‘limiga kiring. Bu yerda mavjud ilovalar orasida shubhali nimadir bor-yo‘qligiga diqqat qiling. Odatda bunday ilovalar fahsh-suratlar ko‘rinishida bo‘ladi. Shuningdek, siz o‘zingiz bexabar ilovalar bo‘lsa, ularni o‘chirib tashlang.

Xususan, siz qachonlardir kirgan yuqorida qayd etilgan aksiyalarga oid ilovalarni ham o‘chirib tashlang.


5) Bu ilovalar siz qachonlardir feysbuk profilingiz orqali kirgan ilovalar yoki internet resurslar, jumladan turli viktorina ko‘rinishidagi qiziqarli o‘yinlar yoki aksiyalar bo‘lishi mumkin.


6) Jumladan, siz tez-tez necha yil yashaysiz, kelajakda qanday uyda yashaysiz, qaysi yulduzga o‘xshaysiz, kabi mavzularidagi "o‘yinlar"da ishtirok etsangiz, ajab emas. U yerda sizning profil ma’lumotlaringiz, jumladan login va parollaringiz saqlanib qolinadi. Hakkerlar tomonidan tashkil qilinadigan bunday o‘yinlar aslida ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun tashkil qilinadi. Va, kerakli paytda, kerakli maqsadda foydalaniladi. Shu bois, tarmoqda bo‘lar-bo‘lmas aksiyalarda ishtirok etmang.


7) Kimdandir sizga nomingiz va so‘roq belgisi ko‘rsatilgan sms-spam kelsa, bu xabarga kira ko‘rmang va suhbatni tozalab tashlang.


8) Facebook tarmog‘ida spam-viruslarga duch kelsangiz, bu to‘g‘rida tarmoq ma’muriyatiga xabar bering


Shuningdek, ba’zan viruslar qurilmadagi brauzerda ham joylashib olgan bo‘lishi mumkin. Jumladan, ommabop Chrome qidiruv ilovasida. Buni aniqlash uchun Chrome ilovasi o‘ng tomon burchagidan sozlamalarga kiring va chap tomonda ko‘ringan bo‘limlar orasidan "kengaytirish" (Rasshireniye) tanlang. Shunda mavjud ilovalar ro‘yxati paydo bo‘ladi. Bu yerda shubhali ilovalarga ko‘zingiz tushsa, uning o‘ng tomonidagi "o‘chirish" belgisi bosib, o‘chirib tashlang.