Floridalik shaxs Galaxy Note7 yonishi tufayli Samsung’ni sudga berdi

Floridalik shaxs Galaxy Note7 yonishi tufayli Samsung’ni sudga berdi

Samsung Galaxy Note7 smartfonining yonib ketishi bilan bog‘liq muammo haqida o‘tgan bir oy davomida tarmoqda  juda ko‘p xabarlar yozildi. Janubiy Koreyalik gigant yuzaga kelgan ushbu muammo sababli ulkan moliyaviy yo‘qotishlarga duch keldi. Ayni paytda kompaniya AQShda mazkur markadagi smartfonlarni rasman qaytarib olish dasturini boshlagan. Garchi AQSh hududida shu kungacha Galaxy Note7’ning yonishi bilan bog‘liq jami 92 ta holat qayd etilgan bo‘lsa-da, hali birorta foydalanuvchi kompaniyaga rasmiy da’vo qo‘zg‘amagan edi.

Biroq bundan bir necha kun oldin, AQShning Florida shtatida yashaydigan Djonatan Strobel ismli shaxs uning Samsung Galaxy Note7 telefoni cho‘ntagida yonib ketishi oqibatida tana jarohati olgani sababli ishlab chiqaruvchiga qarshi rasmiy da’vo bilan sudga murojaat etgan.

Smartfonning yonishi natijasida Strobelning qo‘li va oyog‘ining ma’lum qismlari kuygan. Kompaniyaning mazkur modeldagi smartfonlardan foydalanishni to‘xtatish to‘g‘risidagi ogohlantirishi 9-sentyabr kuni, ya’ni Strobelning jarohat olishidan bir necha kun oldinroq e’lon qilingan. Endilikda mazkur da’vo Florida sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!