Futurolog: cmartfonlar hukmronligi davri tugaydi va...

  •   DiMaX
  •  1525
  •  20.10.2017 09:59

Futurolog: cmartfonlar hukmronligi davri tugaydi va...

Ijtimoiy tarmoqlar ko‘paygan sari har bir odam o‘z xabarini internetda tarqatish imkoniga ega bo‘lmoqda. Axborotlar shu qadar ko‘pki, gohida yolg‘on ma’lumotlarni to‘g‘risidan farqlay olmaymiz. AQShlik futurolog olimlar bu hali holva ekanligini aytishmoqda, deb yozadi «Diydor aziz» nashri.

Kelajakda feyk (yolg‘on, yasama) yangiliklar soni ko‘payishi natijasida aniq axborot noyob topilmaga aylanadi. Uning qadrini neft bahosiga tenglashtirish mumkin. Oqibatda odamlar to‘g‘ri axborot uchun katta mablag‘ sarflashga ham tayyor bo‘ladilar. Bu haqida Onlayn yangiliklar uyushmasining (Online News Association conference) 2017 yilgi anjumanida AQShlik futurolog Emi Vebb aytib o‘tdi.

Emi Vebb sun’iy ongning axborot texnologiyalaridagi o‘rni haqida gapirar ekan, u sekin-asta jurnalistlarni ham orta qoldirishini aytdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, yaqin 10 yilda ovozni tanish texnikasi yordamida o‘z kompyuterimiz bilan gaplasha olamiz. Axborot iste’molchilari har qanday ko‘lamdagi axborotga ega bo‘lishlari uchun kengroq imkoniyatlar tug‘iladi. Yangi dasturlar yordamida bemalol yolg‘on video va ovozlar ham yaratish mumkin bo‘ladi. Misol sifatida Vashington universiteti tomonidan yaratilgan Barak Obamaning yolg‘on videosini keltirish mumkin. Maxsus dasturlar yordamida B.Obamaning og‘iz harakatini o‘zgartirib, u kerakli mavzuda «gapirtirilgan». Kelajakda bu kabi yolg‘on videolarni har kim ham osongina yarata oladi, deydi Emi Vebb.

Yolg‘on ma’lumotlar shu qadar keng va tez tarqaladiki, oqibatda ular ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarga ham sabab bo‘ladi. Tasdiqlangan, to‘g‘ri ma’lumotlar esa nisbatan sekin tarqaladi. Aniq ma’lumot manbasi jurnalistlar emas, davlat bo‘lishi mumkin.

Hozirda «sun’iy ong» ishlab chiqishda yetakchilik qilayotgan o‘nga yaqin kompaniya kelajakda axborot bozorining nazoratchilariga aylanadi. Sizga qaysi axborot zarurligini o‘zingiz emas, aynan ular hal qiladi, deydi Emi Vebb.

2027 yilga kelib smartfonlar hukmronligi yakuniga yetadi va internet qurilmalari ustunligi boshlanadi. Internet va «aqlli» uy jihozlarining to‘laqonli integratsiyalashuvi ro‘y beradi. Oddiygina quyoshdan to‘suvchi ko‘zoynaklar internetga kiruvchi ob’yektga aylanadi. Hatto linzalarda ham internet olamiga kirishni taminlash bo‘yicha loyihalar ishlanmoqda. Ha, bu hozir cho‘pchakka o‘xshab tuyulishi mumkin, lekin bizni aynan shunday kelajak kutmoqda.

Internetli ko‘zoynaklar hozirgi smartfonlarga nisbatan ancha «aqlliroq» bo‘ladi. Buyumlaringiz hatto sizning hissiyotlaringizni seza oladi va sog‘lig‘ingiz borasida qayg‘uradi.

Biz inson DNK axborotlarini kompyuterga solib, uni tashqi ko‘rinishini yaratishini buyurdik. O‘xshashlik qoyil qolarli darajada. Kelajakda bemalol istalgan kishining nusxasini ham yarata olish mumkin bo‘ladi. Mashinalar bora-bora yaxshilik va yomonlikni ham ajrata oladilar, deydi futurolog.

Mutaxassis Emi Vebb kelajakda ommaviy axborot vositalarining taqdiri nima bo‘lishi haqida 3 taxminni keltirdi.

  1. Ommaviy axborot vositalarining 70 foizi yangi texnologiyalarni kengroq qo‘llab yashab qolishga urinadilar. Ammo feyk xabarlarga qarshi kurash keskinlashadi. Ular uchun reklama beruvchilarni topish ham amrimahol bo‘lib qoladi. Ko‘pgina OAVlar kasodga uchrab, yopiladi.
  2. Feyk – yolg‘on axborotlar davri boshlanadi. Insonlar ko‘proq yolg‘on axborotlar iste’molchisiga aylanishadi.
  3. Axborot tarqatuvchilar texnologiyalardan unumli foydalangan holda yolg‘on axborotni samarali tekshirish usullarini o‘ylab topadilar va tekshirilgan axborot bilan daromad topishga o‘tadilar.

Ammo, afsuski, so‘nggi taxminning amalga oshish ehtimoli hozirda nolga teng.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.