Gadjetlardan kundalik foydalanish vaqti 3 yilda 1.36 soatga ko‘paygan

Gadjetlardan kundalik foydalanish vaqti 3 yilda 1.36 soatga ko‘paygan

18-32 yoshli axborot texnologiyalari foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ma’lum bo‘lishicha, uchinchi ming yillikning faol va tinib-tinchimas kishilari kundalik hayotlarining 3 soatini smartfon va planshetlar monitoriga tikilib o‘tkazmoqda ekanlar.

Mazkur ma’lumot jahonning yetakchi tadqiqot kompaniyasi hisoblangan Global Web Index (GWI) kompaniyasi tomonidan 3 may kuni e’lon qilingan. Tadqiqot natijalari inson raqamli texnologiyalarga sarflayotgan vaqtining ko‘lami tobora oshib borayotganini ko‘rsatgan.

2012 yilda o‘tkazilgan xuddi shu yo‘nalishdagi izlanishlarda foydalanuvchilar kundalik 1.78 soat vaqtlarini raqamli ekranlar qarshisida o‘tkazishlari aniqlangan edi. 2014 yilda esa bu ko‘rsatgich 2.72 soatga, 2015 yilda 3.14 soatga oshgan.

GWI kompaniyasi o‘sish shu sur’atda davom etsa, joriy o‘n yillik oxiriga kelib smartfon va boshqa mitti gadjetlardan foydalanish inson umrining asosiy qismini band qilishini aytmoqda.

Amerikalik olimlarining ma’lum qilishicha, odam smartfondan qancha ko‘p foydalansa, tushkun kayfiyatga tushib qolish ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Tushkun kayfiyatdagilar smartfondan kuniga o‘rtacha 68 daqiqa foydalanadi. Hayotdan mamnun, yaxshi kayfiyatdagi insonlarda esa bu ko‘rsatkich 17 daqiqani tashkil qiladi.

Bundan bir muddat avval Janubiy koreyalik olimlar smartfondan faol ravishda foydalanish bolalar uchun zararli ekanligini, nigohning doimiy ravishda pastga, kichik ekranga qadalishi kesishuvchi g‘ilaylikni yuzaga keltirishini ma’lum qilishgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!