Galaxy A5 (2018): o‘rta narxli «romsiz»ning ilk suratlari chiqdi

  •   DiMaX
  •  16406
  •  12.10.2017 11:48

Galaxy A5 (2018): o‘rta narxli «romsiz»ning ilk suratlari chiqdi

Yangi «sizib chiqqan» ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung kompaniyasi 2018 yildan o‘zining o‘rta narx toifasidagi A turkumi smartfonlarini Infinity Display ekrani bilan jihozlay boshlaydi. Bu xususda PhoneArena nashri xabar bergan.

Odatda mazkur smartfonsoz bunday displeylarni o‘zining flagman modellariga joylab kelardi. U endi barcha toifalardagi smartfonlarini tobora ilg‘or xususiyatlar bilan ta’minlashga o‘tayotir. Jumladan, 2018 yilgi Galaxy A5 modeli flagman xususiyatlariga ega bo‘lishi to‘g‘risida avvalroq ham xabar berganmiz.

Kecha internetda Galaxy A5 (2018) smartfonining suratlari tarqaldi. Unga qarab, kelgusi yilning «o‘rtancha bahodir»i haqida tasavvur hosil qilishimiz mumkin.

Qurilmaning old paneli xuddi Galaxy S8 flagmanining «kichraytirilgan» talqiniga o‘xshab ketadi, faqat displeyining chekkalari qayrilgan emas. Unda Bixby ovozli yordamchisini chaqiruvchi mexanik tugmachani payqash mumkin. Barmoq izi skaneri orqa panelga joylangan.

Uning «akasi» – Galaxy A7 (2018) ham taxminan shunaqa ko‘rinishga ega, faqat o‘lchamlari kattaroq bo‘ladi.

Shuningdek, Samsung Galaxy A (2018) turkumiga oid smartfonlar ilg‘or chipga hamda qo‘sh modulli kameraga ega bo‘lishi ham ma’lum. Ularning narxlari masalasida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Ammo Samsung smartfonlarining ayrim modellariga poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasi do‘konlarida so‘mda belgilangan (2017 yil 5 oktyabr holatiga ko‘ra) narxlar bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin. Kompaniyaning eng so‘nggi va ilg‘or flagmani – Galaxy Note 8’ni esa hatto kredit bo‘yicha so‘mga olish imkoni ham mavjud.