Galaxy A8 & A8+: flagmanlardan "yuqqan" 6 innovatsiya!

Galaxy A8 & A8+: flagmanlardan

Samsung qisqa fursatda katta qiziqish uyg‘otgan Galaxy A8 (2018) hamda Galaxy A8+ (2018) smartfonlarini bugun taqdim qildi. Yilning o‘rta narxli smartfonlari nihoyatda ko‘rkam va serhasham! Ayniqsa, chetidan-chekkasigacha Infinity Display hamda 2 sensorli old kamera tizimi yangi modellarning o‘ziga xos jihatlari bo‘ldi.

Quyida A8 (2018) hamda A8+ (2018) smartfonlarida joriy qilingan, shu vaqtga qadar brendning flagmanlarida tatbiq qilib kelinayotgan 6 texnologiya xususida ma’lumot beramiz.

Qo‘sh sensorli old kamera bilan yanada maftunkorsiz!
Har bir smartfonda o‘z raqibidan ustunligini belgilaydigan biror jihat bo‘lishi kerak. Galaxy A8 (2018) hamda Galaxy A8+ (2018) smartfonlaridagi bu ustunlik -- ularning 2 ta kamera modulidan iborat selfi-kameralaridan boshlanadi. Bu esa foydalanuvchilarga g‘oyatda taassurotli selfi suratlar olish imkonini beradi. Galaxy Note 8 flagmanida ilk marotaba Live Focus fokuslash texnologiyasi joriy qilingan edi. Yangi o‘rta narxli modellar ham bu jihatga ega bo‘lishgan.

Old sensorlardan biri 16 megapikselli, yorug‘lik taqsimoti moslamasi f/1.9 standartli. Unga yordamchi sifatida 8 megapikselli, yorug‘lik taqsimoti moslamasi f/1.9 standartli yana bir kamera moduli o‘rnatilgan.

Bosh kamera esa 16 megapikselli surat olish imkoniyatiga ega. Uning yorug‘lik taqsimotiga mas’ul moslamasi bir oz ilg‘or -- f/1.7 standartli. Unda video tasvirni raqamli usulda barqarorlashtirish texnologiyasi joriy qilingan. Shu bilan birga, mazkur sensorda "Hyperlapse mode"(avvallari faqatgina Samsung’ning flagmanlarida bo‘lar edi) rejimi joriy qilingan. Bu rejim kerakli paytda video tasvirni zarur tezlikda olish imkonini beradi. Aftidan, bosh kamera optik barqarorlashtirish texnologiyasiga ega bo‘lmagan. Demak, bu modellarda avvalgi avlod Galaxy A'dagi kabi orqa fonni g‘ira-shira qilib surat olish texnologiyasi joriy qilinmagan.

Infinity Display -- displeyning nihoyasi yo‘q!
Galaxy A8 (2018) hamda Galaxy A8+ (2018) smartfonlari garchi, Samsung’ning o‘rta narxli mobil aloqa vositalari bo‘lishsa ham, kompaniya bugungi bozorni inobatga olgan holda, ularni smartfon romini egallab olgan Infinity Display ekranlari bilan ta’minlagan. Bu ham kompaniyaning flagmanlariga xos jihat edi.

Galaxy A8 (2018) smartfoni 5,6 dyuymli, 2220×1080 pikselli, Super AMOLED matritsali ekranga ega bo‘lgan. Galaxy A8+ (2018) modeli esa 6 dyuymli, 2220×1080 pikselli, Super AMOLED matritsasi bilan ta’minlangan.

Infinity Display texnologiyasi har ikkala smartfon, garchi ekran kattalashgan bo‘lsa ham, foydalanishga qulay degan.

Quvvat sig‘imi oshib, xotira ham kengaydi!

A8 hamda A8+ yap-yangi Exynos 7885 protsessoriga ega bo‘lishgan. 8 yadroli toshlardan 2 tasi yuqori samaradorlikka, 6 tasi o‘rtacha samaradorlikka mas’ul. Yuqori samaradorlik uchun javobgar yadrolar smartfonlarning bir tekis va uzilishlarsiz, "ajdodlari"dan tezkor ishlashlariga javobgar bo‘lishadi. Avvalgi Exynos chiplarida asosiy e’tibor tezkorlikka emas, energo-tejamkorlikka qaratilgan bo‘lar edi.

A8 4 GB tezkor, 32 yoki 64 GB doimiy xotira, A8+ 6 GB tezkor, 32 yoki 64 GB doimiy xotiraga ega bo‘lgan. Ulardagi microSD bo‘lmachasi sig‘imi 256 gigabaytgacha bo‘lgan qo‘shimcha xotira fleshkasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bluetooth 5.0 texnologiyasi joriy qilingan!
Bluetooth 5 texnologiyasi Bluetooth 4.2 versiyasiga qaraganda 2 marta tezroq ma’lumot uzatishi mumkin. Bluetooth 5 moduliga avvalgi parametrlarga solishtirganda sakkiz marta ko‘p qurilmalarni ulash mumkin. Bundan tashqari, kam energiya sarflash rejimida (Low Energy, LE) ishlash radiusi to‘rt barobarga ortadi.
Yangi texnologiyada energiya sarfini qisqartirishga e’tibor qaratilgan. Bluetooth 5, asosan, IoT (Internet of Things) sohasiga mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, A8 hamda A8+ endi bir vaqtning o‘zida 2 ta alohida Bluetooth-karnaylarga musiqani uzata olishadi.

Gear VR shlemlarini endi siz ham kiyib ko‘rasiz!

Galaxy A8 hamda Galaxy A8+ (2018) Samsung’ning Gear VR shlemini qo‘llab-quvvatlaydigan ilk "Galaxy A" turkumidagi modellari. Nihoyat, virtual sayohat qilishda endi o‘rta narxli smartfonlardan ham foydalanish mumkin.

Samsung Pay platformasi endi ochiq!
Kutilganidek, Galaxy A8 (2018) va Galaxy A8+ (2018) modellari virtual to‘lov platformasi hisoblangan Samsung Pay (MST va NFC) funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ularga ushbu xizmatning ilovalari tayyor yuklangan bo‘ladi. Uni o‘rnatish uchun esa kredit kartochkaga oid detallarni to‘ldirish kerak bo‘ladi.

Narx-navo!
Ochig‘ini aytish kerak, bu modellar flagmanlardan faqat jihatlarni emas, bir oz narx-navoni ham yuqtirgan. Endi ular biz bilgan 300-400 dollarlik smartfonlar emas. «Salkam flagman» deya ta’riflanayotgan bu smartfonlar qora, kul rang, tillarang va moviy korpuslarda sotuvga chiqariladi. Ularning savdosi 2018 yilning yanvarida boshlanishi aytilmoqda. Ammo narxi borasida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan. Ayrim norasmiy xabarlarga ko‘ra, Galaxy A8 (2018) modeli $590, Galaxy A8+ (2018) modeli esa $650 AQSh dollariga narxlanishi aytilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!