Galaxy Note 9’da barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylanadi

  •   DiMaX
  •  1521
  •  10.10.2017 17:53

Galaxy Note 9’da barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga joylanadi

Samsung kompaniyasi Galaxy Note fabletlarining keyingi avlodi Note 8 dizaynidagi asosiy kamchilik – daktiloskopik datchikning orqa paneldagi kamera yonida joylashuvidan xalos bo‘ladi. Samsung Galaxy Note 9 modelida barmoq izini o‘qiydigan yangicha – optik skaner bevosita displeyning o‘ziga joylashtiriladi, deb yozadi BusinessInsider nashri.

Bu haqda KGI Securities kompaniyasi vakili, ishlab chiqaruvchilar bilan aloqalari tufayli tanilgan tahlilchi Ming-Chi Kuo (Ming-Chi Kuo) xabar bergan.

Sakkizinchi avlod Galaxy Note smartfonida foydalanuvchi barmoq izi datchigini bosaman deb, kameraning optikasi ustiga tegaverganidan, ularning ustini xiralashtirib yuborishi ehtimoli yuqori. Bundan Samsung ham xabardor, ammo mazkur holatni muammo deb hisoblamaydi-da, har gal suratga olishdan avval ob’yektivlarni artib qo‘yishni tavsiya etadi.

Agarda Samsung Galaxy Note 9 modelida shunday optik skaner joriy etilsa, barmoqni displeyning o‘ziga bosiboq smartfonni blokdan chiqarish mumkin bo‘ladi. Apple ham ayni shu funksiyani iPhone X modeliga tatbiq etmoqchi edi, biroq vaqt tig‘izligi sababli bundan voz kechishiga to‘g‘ri kelgandi. Buning o‘rniga esa «yubiley ayfoni»da yuzni tanib blokni ochuvchi Face ID tizimi joriy etilgan.

Ming-Chi Kuo bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday skaner uchun kerak bo‘ladigan butlovchi qismlarni Samsung’ga yetkazib berish huquqi uchun hozirda birdaniga uchta kompaniya o‘zaro musobaqalashmoqda. Ulardan biri – Apple’ning bu boradagi hamkori Synaptics bo‘lib, koreyalik raqobatchi unga buyurtma berishi ehtimoli kamroq, chunki u boshqa texnologiyalarni qo‘llaydi. Koreyadagi BeyondEyes kompaniyasi yoki ishlab chiqaruvchining sho‘’ba korxonasi – Samsung LSI mazkur butlovchi qismni yetkazib beruvchi sifatida tanlanishi mumkin. Ular allaqachon o‘z mahsulot namunalarini Samsung’ga taqdim etib ham ulgurishgan. Shuningdek, Samsung uchun hozirgi skanerlarni yetkazib berayotgan Egis ham bu tenderda ishtirok etishi mumkin.

Xabarga ko‘ra, Samsung smartfonlarida yuzni tanish funksiyasi ham paydo bo‘ladi, ammo Apple’niki kabi ilg‘or darajada emas. Tahlilchining ta’kidlashicha, kupertinolik gigant kerakli 3D-sensorlarni takomillashtirishda ustunlikka ega. Bu borada u o‘z raqiblaridan 18–30 oycha ilgarilab ketgan.