Galaxy Note7’dagi nosozlik Samsung’ga bir milliard dollarga tushishi mumkin

Galaxy Note7’dagi nosozlik Samsung’ga bir milliard dollarga tushishi mumkin

Shu yilning avgust oyida taqdim etilgan va ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘lgan Galaxy Note7 fabletida kutilmagan nosozlikning yuzaga kelganligi va Samsung mazkur modeldagi telefonlarni qaytarib olayotgani haqida avvalroq xabar bergan edik.

Hozirgacha jahon miqyosida fabletning batareyasidagi nosozlik tufayli yonib ketganligi bilan bog‘liq bir nechta holat qayd etilgan. Biroq Janubiy Koreyalik gigant foydalanuvchilar salomatligini o‘ylab, mazkur modeldagi smartfonlarni almashtirib bermoqda. Albatta, bu narsa tahsinga loyiq. Ammo kompaniyaning boshqa chorasi ham yo‘q, menimcha. Sababi bunday nosozlik brend mavqeiga juda kuchli zarba berishi mumkin.

Shubhasiz, Galaxy Note7 smartfonlarini almashtirish kompaniyaga juda qimmatga tushishi tabiiy. Credit Suisse Group AG, Daishin Securities Co. va Pelham Smithers Associates konsalting agentliklarining bergan ma’lumotlariga qaraydigan bo‘lsak, fabletni boshqa qurilmaga almashtirish kompaniyaga 1 millard dollarga tushishi mumkin.

Bunda har bir smartfonning narxi va kompaniyaning uning sotuvidan oladigan foydasi (o‘rtacha 900 AQSh dollari) hisobga olingan.  Samsung’ning mobil qurimalar bo‘limining boshlig‘i Kox Dong Chjin o‘tgan juma kuni Seul shahrida o‘tkazilgan konferensiyada ushbu summani “bag‘oyatda katta” deb izohlagan.

Credit Suisse axborotiga ko‘ra, kompaniya har bir sotilgan Galaxy Note7 telefonidan o‘rtacha 108 dollar daromad qilishni va yil oxirigacha taxminan 8-9 million dona fablet sotishni rejalashtirgan edi. Ushbu ko‘rsatkichlar kompaniyaga 900 million dollar atrofida foyda keltirishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq oyoq tagidan chiqqan kutilmagan nosozlik ushbu rejaning bajarilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun Samsung bu yil mazkur model sotuvidan bir chaqa ham foyda olmasligi ancha ehtimolga yaqin.

Albatta, 1 mlrd dollar juda katta xarajat. Ammo bu kompaniyaning oladigan yillik foydasining 5%ni (Samsung bir yilda taxminan 20,6 mlrd dollar sof foyda ko‘radi) tashkil qiladi, xolos.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!