Galaxy S6 egalari uchun xushxabar tarqaldi!

Galaxy S6 egalari uchun xushxabar tarqaldi!

Google kompaniyasi Android 8.0 Oreo operatsion tizimini taqdim etishi bilan barcha ishlab chiqaruvchilar foydalanuvchilarini xursand qilish istagida bu tizimni o‘zlashtirishga kirishib ketdilar. Kompaniya ta’kidlagani kabi, bu tizim «har qachongidan ham ko‘ra aqlliroq, tezkorroq va kuchliroqdir».

Xususan, «rasm ichida rasm» va avtoto‘ldirish kabi yangi funksiyalar bilan ta’minlangan. Shuningdek, uning himoya vositalari, ish tezligining oshishi va energiya iste’molining optimallashtirilishi yanada ishonchliroqdir.

Yaqindagina Samsung Android Oreo'ning Samsung Galaxy S8 hamda S8+ flagmanlariga mo‘ljallangan uchinchi sinov talqinini e’lon qilishni boshladi. Bir muddat avval 2016 yilgi Galaxy S7 egalari bu tizimni yangilab olishlari mumkin bo‘lgan edi. Bugun esa insayderlar Galaxy S6 foydalanuvchilari uchun quvonchli xabarni tarqatishmoqda. Bu smartfon modeli ham tez orada ilg‘or operatsion tizimga ega bo‘ladi. Bu to‘g‘rida GSMarena xabar tarqatmoqda.

Bu tizimdagi eng diqqatga sazovor yangiliklardan biri – Notification Dots, yoki bildirishnomalar nuqtasi hisoblanadi. Uning mohiyati shundaki, u yoki bu ilovadani ochmasdan turib, undagi bildirishnomalarni o‘qish uchun o‘sha ilova yorlig‘iga barmoqni bosib turishning o‘zi kifoya qiladi.

O‘QING: Batareyasi baquvvat smartfonlar

Agarda video ijro etilayotgan payti smartfonda biror boshqa amalni bajarishga to‘g‘ri kelib qolsa, tomosha qilishni to‘xtatishga hojat bo‘lmaydi. Picture-in-Picture (rasm ichida rasm) funksiyasidan foydalangan holda video ilovasining o‘lchamini kichraytirib, ekran burchagiga joylab qo‘yaverasiz. Ayni damda mazkur rejimda faqat bir nechta ilovalargina ishlay oladi, lekin kelajakda uni barcha pleyerlar va videochatli messenjerlar ham qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ladi.

Endi telefonning o‘zi ham tezroq yonadigan bo‘ladi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashlaricha, smartfonining yoqilish jarayoni naq ikki baravarga tezlashgan. Shu bilan birga, ilovalarning fondagi faolligi chegaralangan, bu esa qurilmaning ishlash muddatini uzaytirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak.

Boshqa yangiliklar qatorida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: ilovalar uchun login va parollarning avtomatik to‘ldirilishi; dasturni o‘rnatmasdan turib ishga tushirish imkonini beruvchi, sukut bo‘yicha yoqilgan Instant Apps rejimi; yorliqlarning moslashuvchanligi, matnlarni belgilab olishda qulay bo‘lgan, telefon raqamlari hamda elektron pochta manzillarini farqlay oladigan Smart Text Selection «aqlli» texnologiyasi va hokazo.

Samsung Galaxy S6'da yangilanish paydo bo‘lishi bilan biz buni e’lon qilamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!