Galaxy S8’ning birorta iPhone’da yo‘q jihati ma’lum bo‘ldi

Galaxy S8’ning birorta iPhone’da yo‘q jihati ma’lum bo‘ldi

Keyingi haftada biz jahonning eng ilg‘or smartfoni bo‘lishi kutilayotgan Samsung Galaxy S8’ning taqdimotiga guvoh bo‘lamiz. Flagman smartfon bilan bir qatorda uning imkoniyatlarini kengaytiradigan aksessuarlar ham namoyish qilinadi. Ulardan biri Galaxy S8’ni Android bazasidagi kuchli kompyuterga aylantiruvchi Samsung DeX Station nomli ko‘chma stansiyadir. Bu hozircha ilg‘or bo‘lgan iPhone 7’da yo‘q. To‘g‘ri, bu jihat ilk marotaba Microsoft Lumia 950 va Lumia 950 XL gadjetlarida tatbiq qilingan, ularni Windows tizimidagi ekranlar bilan ulash mumkin edi.

DeX Station dizaynidan buklanadigan qismga ega xokkey shaybasini eslatadi. Stansiya ustiga yopiluvchi bu qism uni smartfon bilan ulaydi. Shuningdek qurilmadagi maxsus sovitish tizimi Samsung Galaxy S8’da yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qizishlarning oldini oladi. Ehtimol, bu kompaniya Galaxy Note 7’ning taqdiridan olgan saboqdir.

Samsung DeX Station yordamida smartfonni monitor yoki televizor, klaviatura va sichqoncha bilan ulash mumkin. Smartfon stansiya yordamida displeyga tasvirni sekundiga 30 ta kdarga teng 4K sig‘imda uzatadi. Buning uchun Samsung Android operatsion tizimini yirik ekranlarga ham moslashtiruvchi tizimni yaratgan.

Galaxy S8 DeX Station’ga ulanishi bilan uning protsessori to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Dok-stansiya tezkor zaryad olish texnologiyasiga ega bo‘lib, smartfonga ham quvvat yetkazib beradi. Aksessuarda USB-C va HDMI portlari, 2 ta USB 2.0 porti, shuningdek 100 megabitli Ethernet porti mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung DeX Station 160 AQSh dollari bahosida sotuvga chiqariladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.