Galaxy S9'da Galaxy S8'dagi bosh kamchilik bo‘lmaydi

Galaxy S9'da Galaxy S8'dagi bosh kamchilik bo‘lmaydi

"Samsung Galaxy S" turkumida taqdim etilajak yangi avlod flagman smartfonlarida Galaxy S8 modelida kuzatilgan bosh kamchiliklardan biri bartaraf qilinadi. Insayder hamda rasmiy ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishlaricha, Samsung Galaxy S9 flagmani qo‘sh sensorli kameralarga ega bo‘ladi. Smartfondagi barmoq izlari skaneri endi boshqa joyga ko‘chiriladi.

Galaxy S8 taqdim qilingach, uning barmoq izlari skanerining kamera bilan yonma-yon joylashtirilgani foydalanuvchi uchun katta noqulaylik tug‘dirishi ko‘p marotaba ta’kidlangan va tanqid ostiga olingan edi. Galaxy S8 flagmanidagi barmoq izlari skaneri uchun noo‘rin joy tanlangani foydalanuvchilar tomonidan ham aytilgan edi. Jumladan, foydalanuvchilar adashib skaner deb o‘ylab har gal kamera moduliga barmoq bosishgan va kamera yuzasi xiralashib qolavergan.

Endi kompaniya muhandislari biometrik sensorni bosh kameraning yoniga emas, ostiga joylashtirishga qaror qildilar. Bu esa adashib kamera optikasini bosishning oldini oladi.

Samsung Galaxy S9 flagmanida bunday muammo bo‘lmaydi va hozirgacha e’lon qilingan render suratlarda ham kompaniyaning bu texnologik qarori o‘z ifodasini topgan.