Galaxy S9: flagmanga oid yangi jihatlar e’lon qilindi

Galaxy S9: flagmanga oid yangi jihatlar e’lon qilindi

Taniqli insayder Evan Blass Samsung Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlari aks etgan navbatdagi suratlarni e’lon qildi. Bu talqin Lilac Purple deb ataladi va korpus siren yoki binafsha rangida ishlangan. Old panelning romsizligi bilinishi uchun korpusning bu qismi qora rangda.


Ma’lumotlarga qaraganda smartfon Midnight Black (qora), Lilac Purple (binafsha rang), Titanium Grey (kulrang) va Coral Blue (marjon qoyasi rangida, ko‘k-moviy) rangli korpuslarda ishlab chiqariladi.

Samsung 25 fevralda MWC 2018 kongressi doirasida Galaxy S9 va Galaxy S9+ flagmanlarining taqdimoti o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Hali namoyish qilinmagan telefonlarning suratlari va jihatlariga oid ma’lumotlar tobora ko‘payib bormoqda.

Ularning yilning eng yaxshi Android-flagmanlari bo‘lishlari xususida ham fikrlar yuribdi. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida flagmanlardagi kamera texnologiyasini aytish mumkin.

Galaxy S9+ qo‘sh modulli bosh kameraga ega bo‘ladi. Standart talqinda esa bosh kamera bir modulli bo‘ladi.

Kecha internet tarmog‘ida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S9 smartfoni ega bo‘ladigan Sony IMX345 sensori 12 megapiksel aniqligida va fotosensor 1/2,55 o‘lchamida, shuningdek yorug‘lik taqsimlaydigan moslama bugungi kun uchun rekord darajada ilg‘or, ya’ni f/1.4 standartida bo‘ladi.

Aytish joizki, bir muddat avval Galaxy S9 bosh kamerasida 3 qatlamli ISOCELL kamera datchiklaridan foydalanilishi aytilgan edi. Bu kameraning sekundiga 480 kadrli FullHD formatidagi video suratga olishi kutilayotgan edi.

Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, kamera takomillashgan va sezgir fazaviy avtofokus texnologiyasiga ega bo‘lgani uchun harakatdagi buyumlarni ham sifatli qilib muhrlay oladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!