Galaxy S9 narxi Galaxy S8'dan ancha past bo‘ladi

Galaxy S9 narxi Galaxy S8'dan ancha past bo‘ladi

Shu yilning fevral oyi yakunida Barselonada o‘tkaziladigan MWC anjumanida taqdim etilishi ma’lum bo‘lgan Galaxy S9 flagmani o‘zining "ajdodi" narxidan past bo‘lishi kutilmoqda. Samsung Electronics kompaniyaning Xitoydagi bo‘linmasi prezidenti Kuan Guisyan mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan o‘tgan intervyuda shunga ishora qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Samsung kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Galaxy S9 chakana savdoda o‘z toifasiga kiruvchi boshqa smartfonlarga qaraganda arzon bo‘ladi.

Jumladan, Xitoyda bu devaysning ochiq savdoda 800 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda. Flagmanning texnik jihatlariga qaraydigan bo‘lsak, bu juda yaxshi xabar. Aytish joizki, Galaxy S8 modeli 888 dollardan sotuvga chiqarilgan edi.

O‘qingSamsung rasman Galaxy S9 taqdimotiga taklif qildi

Bugunga qadar ma’lum ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S9 flagmani eng peshqadam bo‘lishi kutilayotgan Snapdragon 845 protsessori, 4/6 GB tezkor xotira, yanada ilg‘or kameraga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, kutilayotganidek flagman yanada takomillashgan ko‘zning rangdor pardasi skaneriga ega bo‘ladi. Bu skanerda sun’iy idrok texnologiyasi tatbiq etiladi.

Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlarining ekrani 5,6 hamda 5,8 dyuymli displeydan iborat bo‘ladi. Korpusning pastki qirrasida dinamikdan tashqari, zamonaviy USB Type-C porti mavjud. Hozircha ma’lum xabarlarga asoslanadigan bo‘lsak, Galaxy S9 hamda S9+ flagmanlari dizayni avvalgi qimmatbaho "ajdodlari"nikidan farq qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, «Malika» do‘konlarida joriy yilning 12 yanvar holatida Galaxy S8 flagmani 4,9 million so‘mdan sotilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!