Galaxy S9 va S9+ yangi suratlar va videoda: orqa panelda daktiloskopik datchik yo‘q!

  •   DiMaX
  •  2306
  •  19.01.2018 09:24

Galaxy S9 va S9+ yangi suratlar va videoda: orqa panelda daktiloskopik datchik yo‘q!

CES 2018 ko‘rgazmasi davomida Samsung kompaniyasining rasman ma’lum qilganidek, uning navbatdagi flagmanlari – Galaxy S9 hamda Galaxy S9+ smartfonlari fevralning oxirida boshlanadigan MWC 2018 tadbirida taqdim etiladi. Keyinchalik ushbu ma’lumotni tasdiqlagan insayder Evan Blass, mazkur qurilmalarga oldindan buyurtma berish va ularning savdoga chiqarilish sanalarini ham aytgan.

O‘QING: Taniqli insayder Galaxy S9’ning savdoga chiqish vaqtini «sotib qo‘ydi»

Garchi Samsung yangi mahsulotlari dizayni va texnik ta’minoti borasidagi ma’lumotlarni sir tutayotgan bo‘lsa-da, turli insayderlar bu borada axborotlar tarqatib ulgurishgan. Ammo ular hamisha ham bir xil chiqavermaydi. Jumladan, bu boradagi so‘nggi ma’lumot DBS Designing dizaynerlar guruhi tomonidan chiqarilgan bo‘lib, kishilarning to‘qqizinchi avlod «galaktika»lar haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirib yuboradi.

Mazkur ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlarining ekrani tegishlicha 5,6 hamda 5,8 dyuymli ekranga ega. Korpusning pastki qirrasida dinamikdan tashqari, zamonaviy USB Type-C porti ham, an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham o‘rin olgan.

Eng qizig‘i – orqa paneldagi kamera ostida, avvalgi ma’lumotlarda aytilganidek barmoq izi datchigi yo‘q! Aftidan, uni ekranning o‘ziga integratsiya qilishadi yoki smartfonni o‘chirish/yoqish tugmachasiga joylashtirishadi.

Mana, bu ikki flagmanni quyidagi konsept-videoda tomosha qilamiz:

Samsung’ning bu paytgacha taqdim etgan boshqa smartfonlarining aksariyati O‘zbekiston bozorlarida ham savdoga chiqarilgan.

O‘QING: «Malika»da Samsung smartfonlarining so‘mdagi narxlari (2018 yil 12 yanvar)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.