General Motors 2023 yilgacha 20 xil yangi elektromobil ishlab chiqaradi

  •   DiMaX
  •  1545
  •  04.10.2017 13:53

General Motors 2023 yilgacha 20 xil yangi elektromobil ishlab chiqaradi

Detroytdagi avtomobilsoz General Motors yaqin orada benzinli va dizelli dvigatellarga ega avtomobillardan butkul voz kechmoqchi. Bu haqda kompaniyadagi manbasiga tayanib Reuters xabar bermoqda.

Texnologiyalar rivoji tufayli, turli sohalarda elektrik energiya manbalariga asoslangan qurilmalar tobora keng ishlab chiqilayotgani sir emas. Avtogigant General Motors ham o‘z kelajagini atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan elektrik avtomobillar bilan bog‘lamoqchi.

Akkumulyator batareyalari yoki vodorodli elementlardan quvvat oluvchi elektrik transport vositalari bora-bora General Motors turli mamlakatlarda (demak, O‘zbekistonda ham) taqdim etuvchi barcha assortimentni qamrab oladi. Bu to‘g‘rida mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezident Mark Roys ma’lum qilgan. Detroytdagi kompaniya texnik markazida bo‘lib o‘tgan brifingda u: «General Motors elektrik kelajakka butkul ishonadi», – deya ta’kidlagan.

Mazkur avtogigant kelgusi yildayoq ikkita yangi elektromobil modelini ishlab chiqarishni rejalashtirgan, 2023 yilga borib esa General Motors assortimentiga yana 18 ta model qo‘shiladi.

Aytish kerakki, elektromobilsozlik ushbu kompaniya uchun hozircha faqat ziyon keltirmoqda. Ishlab chiqarilgan har bir Chevy Bolt namunasidan u naq 9000 dollar miqdorida zarar ko‘ryapti. General Motors rahbariyati yaqin kelajakda akkumulyatorlar tannarxining muntazam pasayib borishi evaziga mazkur sohadagi biznesi ham foyda keltira boshlashini prognoz qilib, elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tayotir.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!