Gionee tezkor va innovatsion S6 Pro’ni namoyish qildi

Gionee tezkor va innovatsion S6 Pro’ni namoyish qildi

Xitoylik Gionee smartfon ishlab chiqaruvchisi S6 mobil aloqa vositasini yangi – “Pro”, ya’ni takomillashtirilgan talqinda sotuvga chiqardi.

To‘liq metall korpusli bo‘lgan S6 Pro telefoni 5.5 dyuymli, Full HD sig‘imli (1,920 x 1,080 pikselli), AMOLED turidagi displeyga ega. Ekran korpusga tomon 2.5D turidagi qayrilma shisha bilan qoplangan.

Smartfon 1.8 chastota tezligida ishlaydigan 8 yadroli MediaTek Helio P10 (MT6755M) protsessori, Mali T860MP2 GPU yordamchi protsessori hamda 4 GB tezkor xotira bilan ta’minlangan.

Qurilmaning doimiy ichki xotirasi sig‘imi 64 GB bo‘lib, microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi yordamida xotirani 128 GBgacha kengaytirish mumkin. Mazkur xotira bo‘lmachasi gibrid bo‘lib, foydalanuvchi undan 2-SIM karta uchun ham foydalanishi mumkin.

Gionee S6 Pro fazali avtofokus texnologiyasi, LED fotochaqnog‘i mavjud 13 MP bosh, 8 MP old kameralarga ega.

Gadjetning yana bir o‘ziga xos jihati unda barmoq izlari skanerining joriy qilinganidir. Mazkur sensor bosh menyu tugmasidan o‘rin olgan.

“Aqlli telefon” Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimining Amigo OS 3.2 moslashtirilgan talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

4G LTE aloqa texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan Gionee S6 Pro’ning 3,130 metr Amper soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyatori 38.6 soatlik aloqa qurishga xizmat qiladi. Qurilma korpusida USB Type-C turidagi port ham mavjud.

Gionee S6 Pro o‘lchamlari: 153 x 75.26 x 7.6 mm, 170 gramm.

Kumush, oltin va pushti rang korpuslarda savdoga chiqariladigan smartfon Xitoy bozorida $300 dollardan sotiladi.

Gionee Communication Equipment Co. Ltd kompaniyasiga 2002 yilda asos solingan bo‘lib, yiliga 80 million dona mobil qurilma ishlab chiqaradi. Gionee ayni paytda Xitoy va Osiyo smartfon bozorining yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.