Gitlerning telefoni 243 ming dollarga sotildi

  •   DiMaX
  •  848
  •  20.02.2017 15:21

Gitlerning telefoni 243 ming dollarga sotildi

AQShda Uchinchi reyx yetakchisining telefon apparati kimoshdi savdosida sotildi. U 243 ming AQSh dollariga narxlandi, deya xabar qiladi TASS.

Merilend shtatining Chesapik-Siti shahridagi savdoni Alexander Historical Auctions auksion uyi tashkil etdi. Telefon bungacha Buyuk Britaniyalik harbiy va siyosatchi Ralf Reynerning avlodlariga tegishli bo‘lgan. Qurilmaning yangi sohibi ismi esa oshkor etilmagan.

Auksion uyidan ta’kidlashlaricha, Germaniya taslim etilganidan so‘ng Reyner Berlinga borgan. O‘sha yerda sobiq Ittifoq ofitserlari unga fyurerning yer osti bunkerini ham ko‘rsatishgan.

O‘shanda Reynerga sovg‘a sifatida Yeva Braunning qora telefonini taklif etishgan. Lekin Ralf Reyner, qizil rangni xush ko‘rishini aytib, fyurerning telefonini olgan.

Diskli telefonning korpusi qora bakelit materialidan ishlanib, qizilga bo‘yalgan, qizil simi esa to‘qilgan. Korpusiga fyurerning ismi, shuningdek Uchinchi reyx ramzi – burgut va svastika o‘yib tushirilgan.

Bu qurilma Berlinda, Siemens zavodida 1940 yilning aprelida ishlab chiqarilgan.  Ta’kidlanishicha, mash’um buyruqlarni berishda Gitler aynan shu telefondan foydalangan.