Gmail’ning faol foydalanuvchilari 1 milliarddan oshdi

Gmail’ning faol foydalanuvchilari 1 milliarddan oshdi

Google 2015 yilning so‘nggi choragida ko‘rgan daromadlariga oid yangiliklarda Google Mail – bepul pochta xizmatining oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshganini ma’lum qilgan. 2015 yilning may oyida kompaniya bu pochta xizmatidan 900 million kishi muntazam foydalanishini xabar bergan edi. 2012 yilda esa Gmail foydalanuvchilari 425 millionni tashkil qilgan.

Gmail bu ko‘rsatkichlari bilan Google’ning bir milliard muntazam foydalanuvchiga ega oltita – “Search” qidiruv tizimi, “Chrome” brauzeri, “Android” operatsion tizimi, “Maps” raqamli xaritasi, “YouTube” videoportali hamda “Google Play” internet do‘koni kabi yirik loyihalari qatoridan joy egalladi.

Google 2015 yilda Gmail xizmati foydalanuvchilarining 75 %i elektron pochta xizmati sahifalarini mobil aloqa vositalari orqali boshqarayotgani haqida xabar bergan edi. Yangi hisobotda bu raqam to‘g‘risida biror ma’lumot keltirilmagan.

Gmail dasturchilari tomonidan elektron pochta aloqasining sifatini oshirish maqsadida, Gmail xizmatiga markazlashtirilgan Inbox “aqlli pochta ilovasi” ishlab chiqildi. Uning yordamida yuborilgan pochta maktubining holati bilan tanishish, maktublarni saralash va ochmasdan turib, muhimligini baholash, chiptalar xarid qilish va band qilish, spam va axborot xurujlaridan himoyalanish funksiyalari mavjud.

Ushbu bepul pochta xizmatiga 2004 yilda asos solingan. Pochta xizmati har bir foydalanuvchisiga bepul ma’lumot almashishi uchun 1 GB miqdorida elektron maydon beradi. 2012 yilda pochta xizmati takomillashtirilib, qo‘shimcha funksiyalar bilan boyitilgan. 2014 yilda ma’lum qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQShdagi kichik va o‘rta biznes kompaniyalarining 60 foizi mazkur xizmat mijozi hisoblanadi. 2014 yilning mayida  Gmail Google Play Store ilovalar do‘konidan Android qurilmalar uchun 1 milliard marotaba yuklab olingan ilk ilovaga aylangan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!