Golografik displeyli ilk smartfon yaratildi

  •   DiMaX
  •  1693
  •  07.07.2017 17:16

Golografik displeyli ilk smartfon yaratildi

Keyingi paytlarda yangi smartfonlar bizni avvalgidek hayratga solmay qo‘ydi, sezyapsizmi? To‘g‘ri, ishlab chiqaruvchilar ularni tobora yupqaroq, yengilroq, kameralarini kuchliroq qilishga, ekrani atrofidagi romni imkon qadar ingichkalashtirishga urinishyapti. Biroq bularning bari avval yaratilgan yechimlarning takomillashuvi, xolos. Bu borada bir necha yildan beri inqilobiy degulik biror texnologiya ixtiro qilingani yo‘q.

Professional raqamli kameralar ishlab chiqaruvchi mashhur RED kompaniyasi ayni mana shu inqilobni amalga oshirish uchun ham maydonga tushgan ko‘rinadi. U golografik ekranli dunyodagi birinchi smartfon – RED Hydrogen One qurilmasini ishlab chiqarayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Hi-News.ru sayti.

Hydrogen One smartfoni diagonali 5,7 dyuymga teng bo‘lgan golografik displey bilan jihozlangan. Bu ekran an’anaviy 2D-tasvirlarni ko‘rsatishdan tashqari, golografik kontentni, 3D-kontentni hech bir maxsus ko‘zoynaksiz aks ettiradi. Shuningdek, u virtual va to‘ldirilgan reallik kontentlarini kam ko‘rsata biladi.

Betakror displeyidan tashqari, smartfonga maxsus H3O algoritmi joriy etilgan, u oddiy stereo tovushlarni avtomatik tarzda to‘laqonli hajmli audioga aylantirib beradi.

Qurilma Android operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi va, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, kelajakda ham biror uyali aloqa operatoriga biriktirib chiqarilmaydi.

Aftidan, bu smartfon modulli bo‘ladi, biroq uning qo‘shimcha modullari haqida hozircha biror ma’lumot berilmagan. Kompaniyaning rasmiy press-relizida ham  faqatgina bo‘lajak gadjetning afzalliklari qisqacha sanab o‘tilgan, xolos.

Yangi devaysning RED kameralari bilan moslashtirilishi aniq, bu esa rejissyor va operatorlarga smartfonni o‘ziga xos boshqaruv pulti sifatida qo‘llash, shuningdek, kamerada olingan tasvirlarni ko‘rib chiqish imkonini beradi.

RED Hydrogen One kelgusi yilning  birinchi choragida savdoga chiqariladi, uning narxi ham allaqachon ma’lum. Smartfon ikki xil korpusda taqdim etiladi va narxiyam shundan kelib chiqadi. Titan korpusli modeli 1595 dollar, alyuminiydan ishlangan variant esa anchagina arzon atigi 1195 dollar turadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!