Google baribir yana Apple’ga ergashdi va tanqidlarga uchradi

  •   DiMaX
  •  1516
  •  17.10.2017 10:12

Google baribir yana Apple’ga ergashdi va tanqidlarga uchradi

Ma’lumki, Pixel 2 hamda Pixel 2 XL smartfonlari iPhone 8 va iPhone 8 Plus smartfonlarining raqobatchisi sifatida maydonga tushgan. Biroq ushbu gadjetlar taqdimotidan keyin, ularning ishlab chiqaruvchisi – Google kompaniyasi yana Apple’dan o‘rnak oldi, deb yozadi AppleInsider nashri.

Ya’ni,  Google o‘zining yangi devayslari uchun USB Type-C portidan 3,5 mm.lik tirqishga o‘tkazib beruvchi adapterni savdoga chiqardi. To‘g‘ri, bunday yo‘l tutish hozir keng tarqalyapti, ammo qidiruv gigantining sohibi «insofni chetga surib qo‘yib», adapterni naq 20 dollardan sota boshladi-da!

O‘z smartfonlaridan quloqchin tirqishini birinchi bo‘lib olib tashlagan Apple esa, xuddi shunga o‘xshash Lightning-adapteri uchun atigi 9 dollar narx belgilagan. Shu bois ham Google adapterining narxi e’lon qilingach, Google nomiga tanqidlar ko‘payib ketdi. The Verge nashrining yozishicha, tanqidlardan so‘ng Google bu aksessuar narxini 9 dollarga tushirgan.

Biroq shuni ham aytib o‘tish kerakki, ayni shunday adapter har bir yangi Pixel smartfoni bilan birga, jamlanmaning o‘zida taqdim etiladi. Shunchaki, uni yo‘qotib qo‘yganligi uchun yoki qo‘shimcha tarzda xarid qilmoqchi bo‘lganlar uni yuqorida ko‘rsatilgan narxlarda sotib olishlariga to‘g‘ri keladi.

Yana shunisi ham borki, Xitoy onlayn-do‘konlari ayni shunday funksiyaga ega bo‘lgan adapterlarni ancha arzonga taklif etishadi – ularni hatto 2-3 dollarga ham xarid qilish mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!