«Google Disk» endi butun kompyuterning zaxira nusxasini saqlab qo‘ya oladi

  •   DiMaX
  •  1045
  •  15.06.2017 17:32

«Google Disk» endi butun kompyuterning zaxira nusxasini saqlab qo‘ya oladi

Yaqin orada, aniqrog‘i – 28 iyunda «Google Disk»ning yangi versiyasi – Backup and Sync taqdim etiladi. Bu endi shunchaki «bulutli» saqlagich emas, balki fayllarning zaxira nusxalarini yaratishga mo‘ljallangan kuchli jihoz bo‘ladi, deb yozadi Layfxaker.

Yangi servis siz kompyuteringizda ochgan barcha jildlardagi fayllarni kuzatib borishi va zaxira nusxasini yaratib qo‘yishi mumkin. Ish stolini ochasizmi, «Hujjatlar» yo boshqa biror jildnimi – farqi yo‘q.

Backup and Sync servisi «Google Disk» ilovasining o‘rniga taqdim etiladi. Allaqachon mazkur servis Windows va macOS uchun «Google Foto»ga integratsiya qilingan. Kompaniya o‘zining oddiy foydalanuvchilariga, yangi ilova chiqishi bilan uni yuklab olishni tavsiya etmoqda. Biroq biznes-foydalanuvchilarga hozircha «Google Disk»ning eski versiyasi bilan ishlashda davom etish tavsiya etiladi.

Backup and Sync’da yana qanday qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etilishi hozircha noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, «bulutli» makondagi fayllarni xuddi avvalgidek ochish va tahrirlash imkoni bo‘ladi. Ammo bu fayllarni Backup and Sync’dan foydalangan holda boshqa kompyuterlarda sinxronlash imkoni bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha noma’lum. Yana bir jihatini ham inobatga olish darkor: undagi joy hajmi cheklangan – 15 gigabaytga teng. Bu esa uncha katta hajm emas va tezda to‘lib qolishi mumkin.

Umuman olganda, yangi kiritilgan o‘zgarishlar foydalanuvchilarga ma’qul tushsa kerak. Hozircha esa «Google Disk»ni iOS tizimli qurilmalar egalari mana bu, Android-devayslar sohiblari esa mana bu havola orqali yuklab olib, foydalanib turishlari mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!