Google Earth’da katta yangilanish: virtual sayohatlar va sifatli uch o‘lchamli xaritalar

  •   DiMaX
  •  2313
  •  20.04.2017 10:36

Google Earth’da katta yangilanish: virtual sayohatlar va sifatli uch o‘lchamli xaritalar

22 aprelda nishonlanadigan butunjahon Yer kuni arafasida Google o‘zining Google Earth servisi uchun keng ko‘lamli yangilanishni taqdim etdi. Yangi versiya turli joylarning uch o‘lchamli xaritalarini tomosha qilishga imkon beradi. Interfaol sayohatlar tufayli esa, sayyoramiz haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish mumkin.

Interfaol ekskursiyalar olimlar, hujjatshunoslar va tegishli sohalar mutaxassislari tomonidan tuzilgan. Google’dan ta’kidlashlaricha, dasturda allaqachon ellikdan oshiq shunday sayohatlar mavjud. Ularni yangi – Voyager bo‘limidan topasiz.

Ular orasida, masalan, Tanzaniyadagi Gombe-Strim milliy xiyoboniga sayohat uyushtirish imkoni mavjud. Bu interfaol ekskursiya davomida sizga primatlar bo‘yicha mutaxassis va BMT tinchlik elchisi Jeyn Gudoll (Jane Goodall) gid sifatida «xizmat ko‘rsatadi». Shuningdek, yangilangan ilovaga BBC Earth taqdim etgan video formatidagi oltita sarguzasht ham kiritilgan. Ro‘yxatda bolalar uchun mayya sivilizatsiyasi qoldiqlari bo‘ylab sayohat ham bor. Unda «Sezam ko‘chasi» ma’rifiy dasturidagi personaj yo‘lboshlovchilik qiladi.

Google Earth yangilangan versiyasida I’m Feeling Lucky tugmachasi – Google qidiruv xizmatidagi «Omadim borga o‘xshaydi» («Mne povezyot») funksiyasining analogi ham taqdim etilgan. Uni bossangiz, servis sizni tasodifiy olingan biror joyga sayohatga «yuboradi». Bu Italiyadagi opera teatri ham, Yaponiya qaynoq buloqlari ham bo‘lishi mumkin. Bu yerda yana siz «tashrif buyurgan» joy haqidagi qiziqarli faktlar bitilgan kartochkalarni varaqlashning ham iloji bor.

Bundan tashqari, diqqatga sazovor joylar va ularning atroflarini endi uch o‘lchamli ko‘rinishda tomosha qilish imkoni mavjud. Buning uchun ekranning yuqori o‘ng burchagidagi 3D tugmachasini bosish kifoya. Google ob’yektlarning uch o‘lchamli modellari ustida juda yaxshi ishlagan va ularni yetarlicha aniq chiqargan.

Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashlaricha, yangilangan servisning yaratilishiga ikki yil vaqt sarflangan. Hozirda yangilangan versiyani Chrome brauzerida mana bu havola orqali o‘tib hamda Android uchun chiqarilgan Google Earth ilovasi yordamida sinab ko‘rish imkoni mavjud. Keyinroq bu imkoniyatlar iOS tizimi va boshqa brauzerlar uchun ham taqdim etiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.