Google rasman Pixel 2 va Pixel 2 XL'ni taqdim qildi

Google rasman Pixel 2 va Pixel 2 XL'ni taqdim qildi

4 oktyabr kuni Google kompaniyasi AQSh ning Kaliforniya shtatida o‘zining yangi avlod Pixel smartfonlari bo‘lmish — Pixel 2 va Pixel 2 XL mobil aloqa vositalarini taqdim qildi.

Google Pixel 2 smartfonining dizayni avvalgi avlod Pixel gadjetlariga tortib ketgan. Google Pixel 2 smartfoni standart formadagi 5 dyuymli hamda Full HD (1920 x 1080 pikselli) sig‘imli OLED-displeyga ega bo‘lgan. Ekran Gorilla Glass 5, 2.5D shishalari bilan qoplangan.

Dizaynda nisbatan ilg‘or flagman bo‘lmish Pixel 2 XL esa 6 dyuymli, pOLED-ekranli, tomonlar nisbati 18:9 bo‘lgan va yupqa romli displey bilan ta’minlangan. Uning piksellar sig‘imi yuqori -- QHD (2880 x 1440 belgiga teng). Ekran 3D shaklidagi Gorilla Glass 5 shishasi bilan himoyalangan.

Pixel 2 XL old paneli deyarli displeydan iborat. Biroq, uni to‘liq romsiz deb bo‘lmaydi. Pixel 2 XL'ning "istarasi" LG G6'ga o‘xshab ketishi hisobga olinsa, bu panelni LG ishlab chiqarganini payqash qiyin emas.

Gadjetlardagi o‘chirib-yoqish tugmasi qizil yoki sariq tusda rangdor qilib ishlangan. Google ham Apple boshlab bergan an’anaga ergashib, 3,5 mm.li audio tuynukdan voz kechgan va endi audioni USB Type-C porti orqali maxsus perexodnikda tinglash mumkin bo‘ladi.

Smartfonlar displeyidagi muntazam faol (Always-On) rejimi quvvatni tejaydigan OLED-displey uchun muammo emas. Ekran blokirovkada turganida unda vaqt, turli xabarnomalar va boshqa ma’lumotlar ko‘rinib turadi.

Smartfonlar HTC U11 kabi, Active Edge, ya’ni sezgir sinchlarga ega bo‘lishgan. Displey atrofidagi metall ramkani ezib turib, smartfonlarga turli buyruqlar berish mumkin.

Gadjetlarning Google Assistant aqlli tizimini qo‘llab-quvvatlashi ham yana bir o‘ziga xoslik. Qolaversa, Pixel 2 XL'da 3 ta mikrofon shovqinni kamaytirishga xizmat qiladi.



Ularga xos yana bir qiziqarli jihat — ulardagi mikrofon doimo faol holatda bo‘ladi. Ya’ni, smartfonlardagi mikrofon yon-atrofdagi musiqaga quloq tutadi va foydalanuvchiga unga yaqin yerda qanday musiqa yangrayotgani, uning ijrochisi to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Texnik imkoniyatlarga o‘tamiz: gadjetlarning bosh kameralari 12 megapikselli, old kamera esa 8 megapikselli. Ularga hozircha android smartfonlar orasida ng ilg‘or Qualcomm Snapdragon 835 protsessori, Adreno 540 video-kartasi hamda 4 GB operativ xotira va 64 yoki 128 GB doimiy xotira o‘rnatilgan. microSD uchun bo‘lmacha mavjud emas.

Pixel 2 va Pixel 2 XL old panelda stereodinamiklarga ega bo‘lgan. Pixel 2 devaysi 2700, Pixel 2 XL esa 3520 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyatorlar bilan ta’minlangan. Batareyada tezkor quvvat olish tizimi mavjud.

Smartfonlarning korpuslari IP67 guvohnomasini olgan va suv va changdan himoyalangan. Ularning aloqa imkoniyatlari ham keng. Jumladan, smartfonlarda  Bluetooth 5.0 standarti tatbiq qilingan.

Kutilganidek, Pixel 2 va Pixel 2 XL eng so‘nggi mobil tizim bo‘lgan Android 8.0 Oreo'da ishlashadi.

Taqdimotda kompaniya vakillari smartfonlarga o‘rnatilgan kameralar xususida uzoq gapirishdi. Dual-pixel sensorlarga ega modullar hisobiga orqa fonni g‘ira-shira qilish mumkin.

Kamera bir vaqtning o‘zida ham elektron, ham optik barqarorlashtirish tizimlariga ega bo‘lgan. Bu esa har qanday sharoitda qo‘lda yaxshi tasvirlar olish imkonini beradi. Mazkur texnologik xususiyat hozircha bozordagi biror smartfonda yo‘q.

Kameradagi Motion Photos funksiyasi Apple'ning Live Photos funksiyasiga o‘xshaydi va unda "jonli" suratlar olish mumkin. Smartfon bunda 3 sekundli qisqa roliklar ham yozib, keyin eng yaxshi kadrlarni tanlaydi va sifatli surat tayyorlaydi.

Shuningdek, Pixel 2 kamerasining DxOMark testida 98 ball olgani, bu borada yetakchi bo‘lgan va yaqinda eng yaxshi kamerafon bo‘lgan iPhone 8 Plus (94 ball)ni ortda qoldirgani ham taqdimotda ma’lum qilindi.

Endi "Portret" rejimi ham old, ham bosh kamerada joriy qilingan. Ahamiyatli jihati shundaki, endi bu rejimda nafaqat odamlarni, balki binolarni ham orqa fonini xiralashtirib suratga olish mumkin.

Pixel 2 va Pixel XL 2'da o‘rnatilgan Google Lens funksiyasi yordamida kamera qarshisidagi ob’yekt to‘g‘risida avtomatik tarzda ma’lumot beradi. Misol uchun, biror taniqli san’at asari yoki madaniy yodgorlik haqida. Yana bir o‘ziga xos xizmat -- AR-stiker (augmented reality — «qo‘shimcha voqelik») bo‘lib, bu smartfon ekranida real ob’yektlarni virtual ob’yektlar bilan aralash suratga olish imkonini beradi.

Smartfonlar ko‘k, qora, oq korpuslarda ishlab chiqariladi. Google Pixel 2 649 dollar, Pixel 2 XL 849 dollardan boshlab (64 GB uchun) sotiladi. Taqdim qilingan kundanoq Avstraliya, Kanada, Germaniya, Hindiston, Buyuk Britaniya va AQSh da smartfonlarga oldindan buyurtmalar olinadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!