Google sarosimada: Samsung ham Bing tomonga o'tib ketishi mumkin

Google sarosimada: Samsung ham Bing tomonga o'tib ketishi mumkin

Butun dunyo o'rgimchak to'riga eng zo'r sun'iy intellekt qobilyatiga ega qidiruv tizimini taqdim qilish poygasi, ehtimol, avjiga chiqdi. Microsoft'ning Bing qidiruv tizimi vanihoyat ChatGPT bilan ancha ommalashmoqda va bu Google uchun qora kunlarni olib kelishni boshladi. So'nggi yangiliklarga qaraganda endi Samsung ham Google'dan voz kechib, o'zining Galaxy qurilmalarida Bing qidiruv tizimiga o'tib ketishni rejalashtirmoqda. Kaliforniyalik kompaniya ham anoyilardan emas va u keyingi oy o'zining sun'iy intellekt bilan quvvatlangan yangi qidiruv tizimi vositalarini taqdim qilish niyatida. Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.

Google'ning yangi sun'iy intellekt qidiruv vositalari aynan qanday xususiyatlarga ega bo'lishini hozircha noaniq, lekin u kompaniyaning hozirgi qidiruv tizimidan ko'ra foydalanuvchiga yanada ko'proq moslashtirilgan tajribani taklif qilishi aytilmoqda. Shuningdek, u Bard chatboti ustiga qurilishi ehtimoli yo'q emas.

Ma'lum bo'lishicha, yangi funksiyalar "Magi" kod nomi ostida 160 dizayner, muhandis va rahbarlar tomonidan ishlab chiqilmoqda. Ular bilan yangilangan Google versiyasi faqat AQSH uchun eksklyuziv bo'ladi, ya'ni faqat Qo'shma Shtatlarda ishlaydi (hozircha) va u maksimal 1 million foydalanuvchilarga, yil oxiriga borib esa 30 million odamlarga yetkaziladi.

NYT bergan ma'lumotlarga ko'ra, Google hozirda Samsung uni o'zining mobil qurilmalarida Bing bilan alishtirib yuborishni rejalashtirayotganidan havotirda. Kompaniya ishchilari bundan o'tgan oy xabar topishganida "shok" holatiga tushishgan. Ta'kidlash joizki, Google birgina Samsung qurilmalarida bo'lish ortidan yiliga 3 milliard dollar daromad ko'radi, garchi bu Apple bilan kelishuvdagi yillik 20 milliar dollardan ancha past bo'lsa ham, bu kompaniya uchun katta summa. Albatta, Samsung hozirda o'zining standart qidiruv tizimini o'zgartirishni qanchalik kuchli xohlayotgani noma'lum. Balki, Janubiy Koreya kompaniyasi Microsoft'ning sun'iy intellekt ishlaridan shunchaki hayratlangandir. Balki, u Google'ning ayni vaqtdagi kuchsizligidan foydalanib qolishni xohlayotgandir.

Google aynan qachon Magi sun'iy intellekt ishlarini taqdim qilishi noma'lum, lekin kelayotgan may oyida o'tkazilishi kutilayotgan Google I/O tadbiri ularni namoyish qilish uchun eng yaxshi vaqt bo'lishi mumkin.

(Manba: The Verge)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!