GoPro Hero 5: yangi tafsilotlar

GoPro Hero 5: yangi tafsilotlar

Kuni kecha yapon blogi Nokishita va Mirrorless Rumors resursida GoPro Hero 5 kamerasining suratlari paydo bo‘lgan. Modelning apparat qismiga tegishli suratlar bilan uning foydalanuvchi yo‘riqnomasi ham internetdagi norasmiy manbalarda tarqalgan.

Suratlarga e’tibor berilsa, yangi model dizaynida Hero 4 va Hero Session kameralari bilan o‘xshashlik borligini payqash mumkin. GoPro Hero 5 kamerasida “GoPro Plus” bulut xizmatiga urg‘u berilib, unda ovozli buyruqlardan foydalanish mumkin bo‘lishi aytilmoqda.

Kamera suvga chidamli va sensorli ekranga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Har holda tarqalgan suratlarda ekrandagi sozlamalar menyusini ko‘rish mumkin.

Kompaniya bundan ikki yil oldin GoPro Hero 4 kamerasini namoyish  qilgan edi.

GoPro seriyasidagi kameralar, asosan, faol sport turlari va hordiq uchun mo‘ljallanib, yuksak sifatli kadrlarni olishga xizmat qiladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!