Hali taqdim etilmagan BlackBerry Motion surati chiqdi

  •   DiMaX
  •  1253
  •  06.10.2017 17:57

Hali taqdim etilmagan BlackBerry Motion surati chiqdi

Insayder Evan Blass (Evan Blass) o‘zining Twitter-akkauntida BlackBerry brendi ostida tayyorlanayotgan yangi smartfonning suratini e’lon qildi.

Mazkur model Krypton kodli nomi ostida tayyorlanayotganligi haqida avval xabar bergan edik. Keyinchalik uning ayrim xususiyatlari ma’lum bo‘lgani to‘g‘risida ham yozganmiz. Ammo Blassning ta’kidlashicha, endi ayni shu modelning rasmiy nomi BlackBerry Motion bo‘lar ekan.

E’lon qilingan suratga ko‘ra, bu qurilma zamonaviy smartfonlar uchun standartga aylanib qolgan monoblok shaklida chiqariladi va old panelining asosiy qismini ekran egallaydi.

Ko‘rinib turganidek, mazkur modelda hozirda trendga aylangan romsiz displey dizayni qo‘llanmagan. Ammo uning o‘ziga xosligi – oval shakldagi «Uyga» tugmachasiga BlackBerry logotipi tushirilgan. Shu tugmachaning o‘zida daktiloskopik datchik ham joylashtirilgan.

Foydalanuvchilarga ma’qul keladigan yana bir jihati – Motion’da quloqchin uchun 3,5 millimetrlik tirqishi mavjudligidir. Shu tariqa, u Blackberry uchun yangi bo‘lgan shakldagi, mexanik klaviaturaga ega bo‘lmagan ilk smartfondir.

BlackBerry brendining dong taratishiga xizmat qilgan asosiy ustunligi – dasturiy ta’minotining o‘ta yuqori darajada himoyalanganligi ekani ma’lum. Motion rusumli qurilma ham ayni shu an’analarga sodiq qolgan holda yaratilgan.

Maqtanishga arzirli xususiyatlaridan yana biri – u to‘liq quvvat bilan 26 soatgacha ishlay oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Motion – mazkur brendning IP67 standarti bo‘yicha suvdan himoyalangan ilk smartfoni bo‘lishi mumkin.

BlackBerry Motion’ning boshqa xususiyatlari quyidagicha:

  • Displey: o‘lchami noma’lum, sifati – Full HD (1920 x 1080 pikselli);
  • Protsessor: Snapdragon 625 yoki 626;
  • Tezkor xotira: 4 GB;
  • Akkumulyator: 4000 mA/soat.

Gap-so‘zlarga ko‘ra, mazkur gadjet shu oyning o‘zidayoq savdoga chiqarilishi ehtimoli mavjud. BlackBerry KeyOne modelida bo‘lgani kabi, kompaniya bu qurilmasini ham avvaliga ma’lum bir hududlarda sotuvga chiqarishi, savdo hududini tobora kengaytirib borishi ham mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!