HP Spectre: dunyodagi eng yupqa noutbuk

HP Spectre: dunyodagi eng yupqa noutbuk

Bugungi kunda Apple portativ kompyuterlar segmentida bosh islohotchi sifatida o‘zining nufuzini yaxshigina mustahkamlaganiga qaramasdan, raqobatchilari ham jim qarab turishgani yo‘q. HP kompaniyasi dunyodagi eng yupqa noutbuk maqomi uchun kurashadigan 13,3 dyuymli HP Spectre portativ kompyuterini taqdim etdi. Alyumin korpusli, pastki qismi esa mustahkam va yengil uglerod tolasidan tayyorlangan noutbukning qalinligi 10,4 mm ni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkich bilan u Apple MacBook (13.2 mm) va Dell XPS 13 (15.2 mm)ni ham ortda qoldiradi. Vazni esa 1,1 kg atrofida.

Noutbukda Core M turkumidagi energiyasamarador protsessorlar o‘rniga yanada kuchli Core i5-6200U va Core i7-6500U chiplari qo‘llanilgan. Qizish muammosini kompaniya sovuq havoni korpus ichiga yo‘naltirib turadigan yangicha sovutish tizimi hisobiga hal etishga qaror qildi. Bunda issiq havoni yanada samaraliroq chiqarish uchun bosim kuchaytiriladi.

13,3 dyuymli IPS-displeyning yorug‘lik qamrovi Adobe RGB kengligining 72 foizini tashkil etadi, Coring Gorilla Glass 4 shishasi esa ekranni turli mayda qirilishlardan himoyalaydi.

Full HD-panel (1920×1080) sensor tizimiga ega emas. Alohida qayd etish joizki, o‘ziga xos oshiq-moshiq mexanizmi ekranning yengil ochilib-yopilishini ta’minlaydi. Qopqoqning yuqori qismida ishlab chiqaruvchining qimmatbaho qurilmalari uchun tayyorlagan yangi talqindagi savdo belgisi tasvirlangan. Klaviaturasi esa o‘zidan nur taratadi.

Noutbukka 256 Gb yoki 512 Gb li PCIe SSD qattiq diski joylashtiriladi. HP Spectre`ga USB Type-C portidan uch dona o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning ikkitasi Thunderbolt 3 texnologiyasi bilan birlashtirilgan hamda tarmoqdan uzilgan vaqtlarda bo‘sh turadi. Ovoz chiqarish uchun Bang & Olufsen`dan karnaylari qo‘llanilgan. Avtonom ishlash vaqti 9,5 soatni tashkil etadi.

AQShda HP Spectre`ga buyurtmalar 25 apreldan boshlanadi, noutbuk narxi esa 1170 dollardan boshlanadi.

Manba: HP

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.