Huawei 90 vattlik tezkor quvvatlash tizimi ustida ishlamoqda

Huawei 90 vattlik tezkor quvvatlash tizimi ustida ishlamoqda

Insayder @DigitalChatStation'ning xabar berishicha, Huawei 90 vattda ishlovchi simli tezkor quvvatlash tizimi ustida ishlamoqda.

O‘QING: 120 vatt nima bo‘pti – naq 200 vattlik tezkor zaryadlanuvchi smartfon chiqyapti!

Mate 40 seriyasi bilan taqdim qilingan SuperCharge texnologiyasining joriy talqini maksimal 66 vattda quvvat beradi. Mazkur tizim yaqinda chiqqan nova 8i modeliga ham joriy qilingan. Qurilmaning 4,300 mAs akkumulyatori 38 daqiqada to‘liq quvvat oladi (0–60% zaryad uchun 17 daqiqa kifoya).

Xo‘sh, Huawei P50 lineykasi ushbu texnologiyaga ega bo‘ladimi? Bunga kafolat yo‘q. Yaqinda 3C agentligi 66 vattda quvvatlanuvchi, Snapdragon 888 platformasida ishlovchi, LTE aloqasinigina qo‘llab-quvvatlovchi P50 modelini sertifikatlagan edi. Balkim, Kirin 9000 chipida ishlovchi 5G versiya P50 tezkorroq quvvat olar?
Shunday bo‘lishi mumkin. Mish-mishlarga ko‘ra, bu yil Mate 50 seriyasining yangi talqini chiqmaydi. Shu boisdan, P50 Huawei'ning 2021 yildagi yagona premium smartfoni bo‘lishi mumkin. P50 seriyasi 29 iyulda taqdim qilinishi kutilmoqda, biroq ushbu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Mate 40 lineykasi taqdimotida Huawei Iste’mol biznesi Bosh ijrochi direktori Richard Yu kompaniya 120 vatt va hatto 200 vattlik quvvatlash texnologiyasini ham sinovdan o‘tkazganini, biroq akkumulyator sig‘imi borasidagi xavotirlar sabab bu texnologiyalarni amalga tatbiq qilmaganini aytgan edi. Huawei, shuningdek, yaqinda 135 vattda quvvat beruvchi zaryadchikni ham sertifikatlagan edi. Demak, 90 vatt shunchaki o‘rtadagi tezlik bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Huawei ekranosti selfi kamerali smartfonni patentladi