Huawei birdaniga uchta romsiz fablet chiqarmoqchi

  •   DiMaX
  •  1387
  •  01.11.2017 18:26

Huawei birdaniga uchta romsiz fablet chiqarmoqchi

Xitoyda Huawei’ning Honor subbrendiga mansub uchta smartfon sertifikatlashga topshirilgan. Bu haqda GizmoChina nashri xabar bermoqda.

Mazkur qurilmalar BKL-AL00, TL00 va AL20 raqamlari bilan belgilangan. Kuzatuvchilarning fikricha, bozorga ular kuchli Honor V10 fabletining turli modifikatsiyalari tarzida taqdim etiladi.

Ushbu uchta talqinning o‘zaro farqlari hozircha ma’lum emas, ammo ularning barchasiga xos bo‘lgan umumiy xususiyatlar haqida ma’lumotlar bor. Aytilishicha, ularga Huawei’ning Kirin 970 protsessori qo‘yiladi. 10 nanometrli texnologik jarayonda ishlovchi ushbu chip 2,4 GGs takt chastotasiga ega to‘rtta ARM Cortex-A73 hamda 1,8 GGs chastotali to‘rtta ARM Cortex-A53 yadrolarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, unda Mali-G72 MP12 rusumli grafik kontroller hamda LTE Category 18 modemi ham mavjud.

Honor V10 smartfonlari diagonali 5,99 dyuymga teng bo‘lgan FHD+ formatli displey bilan jihozlanadi. Uning piksellar sig‘imi 2160×1080 nuqtani, ekran tomonlarining o‘zaro nisbati esa 18:9 (yoki 2:1)ni tashkil etadi.

Fabletning tezkor xotirasi 6 gigabaytga tengligi aytilyapti. Uning modifikatsiyalaridan biri 64, yana bittasi esa 128 gigabayt hajmli flesh-modulga ega bo‘ladi.

Yangi smartfonlarning korpusi orqa panelida qo‘shaloq kamera joylashgan, ular 20 va 12 megapikselli sensorlardan iborat. Selfi-kameraning sig‘imi esa 8 megapikselga teng.

Huawei bu fabletlarning korpusini metall rom bilan o‘rab, old va orqa tomonini shisha panellar bilan qoplamoqchi. Honor V10 gadjetlari Android 8.0 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Yangi qurilmalar shu yilning 5 dekabrida Londonda bo‘lib o‘tadigan maxsus tadbirda taqdim etiladi. Fabletning narxi 420 AQSh dollari bo‘lishi aytilmoqda.

Poytaxtimizdagi «Malika» savdo majmuasida plastikka sotilayotgan Huawei smartfonlarining so‘mdagi narxlari bilan esa mana bu yerda tanishish imkoni mavjud.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.