Huawei’ning P8 Lite (2017) modeli P9 Lite’dan ham kuchliroq chiqdi

  •   DiMaX
  •  1624
  •  23.06.2017 15:42

Huawei’ning P8 Lite (2017) modeli P9 Lite’dan ham kuchliroq chiqdi

Huawei kompaniyasi yangi smartfon – P8 Lite (2017) modelini taqdim etdi. Uning nega aynan shunday nomlangani noma’lum, axir, u texnik xususiyatlariga ko‘ra nafaqat 2015 yili chiqqan original P8 Lite’dan, balki hatto bulturgi P9 Lite modelidan ham yuqori. Bu haqda GSMArena sayti xabar bermoqda.

Yanayam qizig‘i shundaki, ayrim hududlarda, masalan, Lotin Amerikasi mamlakatlarida mazkur smartfon P9 Lite (2017) nomi bilan savdoga chiqariladi. Tashqi ko‘rinishidan esa bu qurilma na P8 Lite, na P9 Lite modeliga o‘xshamaydi. U ko‘proq o‘tgan yilgi Honor 8’ni eslatadi, faqat kamerasi qo‘shaloq emas.

Huawei P8 Lite (2017) texnik xossalariga ko‘ra P9 Lite’ga juda yaqin, ammo Kirin 650 o‘rniga yangiroq va kuchliroq – sakkiz yadroli Kirin 655 protsessori o‘rnatilgan, xuddi Honor 6X modelidagi kabi. Smartfonning asosiy o‘ziga xosliklaridan biri – unga boshidanoq Android 7.0 Nougat operatsion tizimi versiyasi o‘rnatilgan holda chiqariladi.

Xullasi kalom, Huawei P8 Lite (2017) modelining texnik xossalari quyidagicha:

  • 5,2 dyuymli, 1920x1080 pikselli IPS-displey;
  • sakkiz yadroli Kirin 655 protsessori;
  • Mali-T830 MP2 grafik tezlatgichi;
  • 3 GB tezkor xotira;
  • 16 GB ichki xotira;
  • microSD xotira kartasini qo‘yish mumkin;
  • 12 megapikselli asosiy kamera, aperturasi f/2,0;
  • 8 megapikselli old kamera;
  • 4G LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi ikkita SIM-karta uchun slot;
  • barmoq izi skaneri;
  • 3 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator;
  • Android 7.0 Nougat operatsion tizimi.

Aytish kerakki, Huawei P8 Lite (2017) Yevropa mamlakatlarida joriy oyning oxirida 239 yevro narxida savdoga chiqariladi.

Huawei smartfonlarining Toshkentdagi narxlari bilan tegishli maqolamizda tanishish mumkin. Shuningdek, ulardan ayrimlarini kredit bo‘yicha xarid qilish imkoni ham mavjud.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.