Huawei "P20" taqdimoti oldidan Samsung va Apple bilan o‘chakishmoqda

Huawei

Huawei kompaniyasi 27 mart kuni P20 va P20 Pro smartfon modellarini taqdim qilishga jiddiy kirishgan. P20 Pro modelidagi bosh kamera uchta kamera modullariga ega bo‘lgani bilan o‘ziga xosdir. Ulardan biri 40 megapiksel aniqligidagi surat olsa, ikkinchisi 20 megapikselli monoxrom, ya’ni oq-qora suratlar olishga usta bo‘ladi. Uchinchi -- 8 megapikselli telephoto-moduli esa tasvir sifatini yo‘qotmagan holda manzarani 3 karra yaqinlashtirish mahoratiga ega bo‘lgan.

Shu bilan birga, devays kamerasi sekundiga 960 ta kadr muhrlangan sekinlashtirilgan videolar tasvirga oladi. Kameradagi IR-RGB, lazerli avtofokus fuknsyailari ham tasvir sifatiga ijobiy hissa qo‘shadi.

Old kamera ham nihoyatda ilg‘or -- 24 megapikselli.

Texnik jihatlar diqqatga sazovor bo‘lsa ham, Huawei bu galgi taqdimotdan avval o‘zini tutib tura olmayapti va reklamaning antiqa usulidan foydalanmoqda. Gap shundaki, yangi smartfonlarning reklamasi uchun yollangan mikroavtobuslar London markazida, aniqrog‘i Apple hamda Samsung kompaniyalarining rasmiy do‘konlarining qarshisidan o‘rin egallashgan.

Avtobuslarga tushirilgan bannerlarda esa «sabrli bo‘l» hamda «kutgin» kabi yozuvlar tushirilgan.

Kompaniya shu tarzda xaridorlarni Apple va Samsung flagmanlarini xarid qilishdan chalg‘itmoqchi va Huawei P20 va P20 Pro xarid qilishga urinmoqda. Yaxshi urinish! Qolaversa, London ko‘chalari bo‘ylab asfaltga taqdimot sanasi va «#HuaweiP20» heshtegi bilan reklama yozuvlari ham tushirilgan.

Huawei P20 modeli Huawei Mate 10 smartfoniga o‘rnatilgan Kirin 970 protsessori bilan ta’minlanishi kutilmoqda. 8 yadroli ushbu chipning chastota tezligi 2,4 gigagers. Bu degani mazkur smartfon samaradorlikda Samsung Galaxy S9'dan ancha orqada bo‘ladi. Telefon Android 8.1 operatsion tizimi boshqaruvi ostida ishlaydi.

P20 modeli 3400 mA soat, P20 Pro 4000 mA soat tok sig‘imiga ega batareyasi bilan o‘ziga xos bo‘ladi. P20 ham, P20 Pro ham microSD kartasini qo‘llab-quvvatlamaydi.

Huawei P20 Pro modeli esa 6.1 dyuymli OLED paneli bilan ajralib turadi. Bu ekranning piksel sig‘imi 1080x2240 belgiga teng. Ekran yuqorisida iPhone X'niki kabi o‘yiq ham bo‘ladi. Shuningdek, bu talqin nisbatan ilg‘or Kirin 920 chipi bilan ta’minlanadi.

P20 Pro 899, P20 esa 679 yevro bahosida sotuvga chiqariladi. Shuncha sa’y-harakatga yarasha flagmanlar jamoatchilik tomonidan qanday kutib olinishini katta qiziqish bilan kutamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!