Ideapad 710S: ilhom, ixchamlik va ilg‘orlik uyg‘unlashgan ultrabuk

Ideapad 710S: ilhom, ixchamlik va ilg‘orlik uyg‘unlashgan ultrabuk

Namoyish etilgan vaqti: 2016 yil, yanvar

Ishlab chiqaruvchi: Lenovo kompaniyasi

 Ideapad 710S – Lenovo noutbuk ishqibozlariga taqdim etgan so‘nggi, Ultrabook turkumiga kiruvchi ilg‘or va keng imkoniyatli gadej. Korpusi nafis va silliq, imkon qadar chekka hoshiyalardan xoli displeyga ega, yengil, korpus yupqaligi 1.3 sm bo‘lgan bu laptop ixchamlik borasida raqobatchilari orasida hozircha peshqadamlik qilmoqda.

lenovo-laptop-ideapad-710s-13-hero

13.3 dyuymli ekran diagonaliga ega Ideapad 710S  Intel’ning 6-avlod protsessori, bugungi eng samarador noutbuk va kompyuterlarda foydalanilayotgan Core i7 protsessoriga ega.

Ekrandagi piksel sig‘imi Full HD (1920×1080) bo‘lgan noutbuk multimedia mahsulotlarini miriqib tomosha qilishga mo‘ljallangan, o‘yinbop qurilma.

Quyida mazkur qurilma jihatlari bilan yaqindan tanishamiz.

Lenovo ideapad 710S: Dizayn

Gadjetni firma qutisidan ilk marotaba qo‘lga olar ekansiz, uning shu qadar silliq va yengilligidan korpusi plastikdan ishlangan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz. Avvalo, ixcham o‘lcham va minimal darajadagi vazn diqqatni tortadi. U 1080 gramm vaznga ega va odatdagi 13.3 dyuymli laptoplardan ancha yengil. Buning sababi uning korpusi kumush rang yumshoq metall bo‘lgan magniy hamda  alyuminiy xomashyosidan tayyorlangan. Bu esa korpusning kumush misol jilolanishi, pishiqligiga ham xizmat qilgan.

Lenovo Ideapad 710S displeyining o‘ng va chap hoshiyalarining qalinligi  5 mm, ya’ni haddan tashqari ingichka va natijada uning ekrani kengdek taassurot qoldiradi. Bu ko‘rsatkich unga qadar  Dell XPS 13’da mavjud edi. Ingichka hoshiyalar noutbukka yanada zamonaviy ko‘rinish bergan.

Qobiq qayishqoq tuyilgan bilan, ekranni mustahkam himoya qiladi.

Yana bir muhim jihati, uning ekran joylashgan panelini vertikaliga 90 darajaga yotqizish mumkin. Ya’ni, ekran klaviatura paneli singari orqaga to‘liq yotadi. Aksari noutbuklarning ekran paneli 45 darajagacha yotadi.

Ekranning yuqori qismida 0.9 megapikselli, 720p sig‘imli vebkamera uchun joy ajratilgan.

Lenovo Ideapad 710S – klassik kumushrang hamda tillarang korpusli ranglarda ishlab chiqarilmoqda.

Lenovo ideapad 710S: Tashqi va ichki portlar

Ixcham noutbuklarda port va konnektorlar u qadar ko‘p bo‘lmaydi. Mazkur noutbuk ham bundan mustasno emas. Korpusning chap tomonidan quvvatlash bloki, USB 3.0 porti, mini-jack audio garniturasi va klavishni qayta sozlash tugmasi o‘rin egallagan. Korpusning o‘ng biqinida esa USB 3.0 (muntazam faol va u orqali boshqa qurilmalarni quvvatlash mumkin), yirik SD xotira bo‘lmachasi va quvvat indikatori, micro HDMI – multimedia interfeysi mavjud.

Bu o‘rinda zamonaviy noutbuklarniki kabi, uning himoya qulfining yo‘qligini noutbukning juz’iy kamchiligi sifatida aytish mumkin.

Simsiz ulanshi uchun ideapad 710S’da Intel’ning ilg‘or Wireless-AC 8260, shuningdek Bluetooth 4.0. tarmog‘i joriy qilingan.

Lenovo ideapad 710S: Ekran

Ideapad 710S’ning ekran paneli 13.3 dyuymli. Full HD sig‘imli (1,920 × 1,080 pikselli) ekran LG’ning LP133WF4-SPB1 matritsasida faoliyat ko‘rsatadi. U o‘ziga uriluvchi nurni qaytaruvchi himoya yuzasi bilan qoplangan. Bu o‘lchamdagi ultrabuk ekrani uchun mazkur sig‘im tasvirning maksimal darajada yorqin bo‘lishiga xizmat qiladi. Hatto quyoshli kun yorug‘ida ham ekrandagi tasvir aniq ko‘rinadi.

Ekranning rang uzatishi va tasvirning batafsil aks etishi yuqori darajada.  Bu ekranda hujjat bilan ishlash ham, o‘yin o‘ynash ham qulay.

Tushunarli aytganda, bu ekranni zamonaviy smartfon flagmanining ekraniga qiyoslash mumkin: to‘yingan rang-tasvir, yetarli yorug‘lik zahirasi, tasvirning bir xil aks etishi.

Ko‘pchilikning fikricha, ultrabukning touch screen, sensor ekran bilan ta’minlanishi qoyilmaqom ish bo‘lgan bo‘lar edi.

Lenovo ideapad 710S: Platforma va samaradorlik

Lenovo Ideapad 710s Intel’ning 2/3 yadroli Core i7-6500U (2,5 GGs, Turbo Boost rejimida 3 GGs.gacha) protsessoriga ega. Skylake arxitekturasi asosida qurilgan tizim Intel HD Graphics 520 grafik-tasvir videokartasiga, 8 GB tezkor xotira, (DDR3-1840) hamda Samsung’ning 256 GB sig‘imli (NVMe MZVLV256) doimiy ichki xotirasi bilan ta’minlangan. Noutbukdagi Wi-Fi moduli — Intel Dual Band Wireless-AC 3165.

Noutbuk tezkor faoliyatga ega, undan foydalanish ham qulay. Veb-qidiruv, hujjat bilan ishlash, grafik-tasvir ishlarida uzluksiz ishlaydi.

Sotuvda uning Intel Core’ning Skylake turkumiga kiruvchi  tezkor xotirasi 4 GB va doimiy ichki xotirasi 128 GB bo‘lgan talqini ham sotilmoqda.

Mazkur protsessorlar va platforma tizimi akkumulyator quvvatini tejashda ham xizmat qiladi. Natijada, bir necha soat uzluksiz video tomosha qilish mumkin. Shuningdek, platformaga o‘rnatilgan Windows 10 tizimi imkoniyatlari misolida apparat va dasturiy ta’minot tizimining ilg‘or uyg‘unligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Chrome brauzerida 17 ta sahifa, jumladan Slack, Google Doc va TweetDeck kabi “og‘ir” sahifalarni ochib, YouTube’da video ko‘rsa ham noutbuk platformasida sekinlashish, “qotish” kuzatilmaydi.

Ideapad 710S Geekbench sinov platformasida ishlash samaradorligi bo‘yicha o‘tkazilgan 3 ta tekshiruvda umumiy 6,180 ball olgan. Hozirgi ultrabuklar esa o‘rtacha 5,101 ball to‘plash imkoniga ega.

Foydalanuvchilar tizim bilan bog‘liq eng ko‘p e’tirof etgan kamchilik, bu — noutbukning “Uyqu rejimi” (sleep mode)dan uyg‘onmasligi. Bir oz ishlatilmay qolib ketgan gadjet bu rejimga o‘tadi va uni “uyg‘otish” uchun laptopni yopib, uni qaytadan yoqish kerak bo‘ladi. Bu kabi muammolar odatda servis markazlari tomonidan hal qilib beriladi.

Lenovo ideapad 710S: Sovutish tizimi

Sovutish tizimi protsessorning o‘ng va chap tomonlariga joylashtirilgan 2 ta ko‘ndalang shakldagi ventilyatorlardan iborat. Muzdek shamol noutbukning ostki qismidan tarqalsa, issiq havo oqimi displey orqali tarqaladi. Hujjat bilan ishlash, video ko‘rish, internetdagi qidiruv jarayonida ham ventilyatorlar o‘z ishini a’lo darajada amalga oshiradi. Hatto tinch sharoitda ham ularning ovozi eshitilmaydi.

Ammo protsessor yuqori kuchlanishda ishlaganida ventilyatorlar faol ishlay boshlaydi va ovozi ham nisbatan yuqori chastotada eshitiladi.

Lenovo ideapad 710S: Audio-ovoz uzatish tizimi

Ideapad 710S yupqa ko‘ringani bilan kuchli ovoz uzatish tizimiga ega. Lenovo’ning  Dolby Audio texnologiyasi “Dinamik”, “Film” va “O‘yin” rejimlariga muvofiq ovoz uzatadi.

Multimediya dinamiklari JBL (2×2 Vt) kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan bo‘lib, tins sharoitda maksimal ovoz uzatish darajasining 50 foizidan foydalanish mumkin.

Lenovo ideapad 710S: Klaviatura va sensor panel-tachpad

710S’ning klaviaturasi klavish osti yoritgichiga ega. Lenovo klavishlarning ost qimiga bir oz qayrilma shakl bergan va o‘ng tomondagi “Shift” tugmasining hajmini kichraytirib, odatiy klavishlar o‘lchamiga keltirgan. Shuningdek, yo‘nalish klavishlari ham boshqa harflar kattaligida. “O‘chirib/Yoqish” tugmasi esa odatdan tashqari holda klaviatura panelining o‘ng tomon yuqori burchagi, klavishlar qatoridan o‘rin olgan.

Foydalanuvchilar klaviaturaning o‘ng qo‘lda ishlash uchun bir oz torligini aytishmoqda. Boshlanishiga shunday tuyilsa ham, foydalanuvchi keyinchalik o‘rganib ketadi.

Ideapad 710S’ning klaviaturasi ostidagi tugmasiz, 4.1 x 2.7 dyuymli sensor paneli silliq, tezkor va yuqori sezuvchanlik qobiliyatiga ega.

Lenovo ideapad 710S: Akkumulyator

Akkumulyator to‘rt katakli bo‘lib, uning elektr toki sig‘imi 6135 mA soat (7,5 V).

Idora ishlari sharoitida unga to‘liq quvvat bir kunga (12 soatga) yetadi. Maksimal foydalanganda bu quvvat unga 2,5 soatga yetadi.

Lenovo Ideapad 710S quvvat manbai masalasida raqiblaridan sal orqada. Laptop Mag Battery akkumulyatorlarni sinovdan o‘tkazish imtihonida Ideapad to‘la quvvati bilan o‘rtacha 7 soat faoliyat ko‘rsatdi. Boshqa ultrabuklar esa o‘rtacha 7,53 soatlik natija ko‘rsatgan. Shuningdek, to‘la quvvat Aspire S 13 noutbukiga 9,08, ZenBook UX303UA’ga 8,27, XPS 13’ga esa 11,54 soatga yetgan.

Ideapad 710S komplektida 45W quvvatlash qurilmasi mavjud.

17 Lenovo ideapad 710S: Raqiblari

Bugun uning raqibi hisoblangan Acer Aspire S 13 undan $50 dollarga arzon sotilayotgan bo‘lsa ham, bu noutbuk sifati 710S’dan qolishmaydi va akkumulyator sig‘imi ham kattaroq. Asus ZenBook UX303UA ham narx-navo jihatdan 710S’ga yaqin. Ammo Lenovo Ideapad 710S’ning muhim ustun jihati – uning vazni va ixchamligida. Yoki Dell XPS 13 ham ingichka hoshiyali displey, 12 soatga yetadigan akkumulyatorga ega. Lekin, u Lenovo laptopidan $100 dollar qimmat.

16

Lenovo ideapad 710S: Narx-navo

Lenovo kompaniyasi Ideapad 710S’ni 3 xil modellarda sotuvga chiqarmoqda: boshlang‘ich model (Core i5-6200U protsessor, 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira) — $799, o‘rtacha model (Core i7-6560U protsessor, 8 GB tezkor va 512 GB doimiy ichki xotira, Intel Iris 540 grafik-tasvir protsessori) — $1,199, eng yuqori model esa (Core i7-6560U protsessor, 16 GB tezkor va 512 GB doimiy ichki xotira, Intel Iris 540 grafik-tasvir protsessori) $1,399 dollardan sotilmoqda.

Hozircha Ideapad 710S qurilmasi O‘zbekistonda sotilmayapti. Unga nisbatan o‘xshash imkoniyatli 15,6 dyuymli Lenovo IdeaPAD 700 (i7-6700HQ 8 GB/1 TB GTX 950M, 3,6 Ggs, FULL HD IPS LED, USB 3.0, Wi-Fi, BLUETOOTH 4.0, veb-kamera, klaviatura osti yoritgichi, JBL dinamik, WINDOWS 10) noutbuki 23 iyul holatida “Malika” savdo markazida 6,393,600 so‘mdan sotilmoqda.

Xulosa

Lenovo Ideapad 710S ixcham, yupqa va yengilgina, foydalanuvchiga og‘irligi tushmaydigan, samarali ultrabuk. Klaviaturani takomillashtirish, akkumulyator sig‘imini kengaytirish kerakligini hisobga olmasa, boshqa jihatlari ilg‘or va o‘ziga xos. Agar siz o‘yin o‘ynash, hujjat bilan ishlash, internetdan foydalanish uchun noutbuk tanlayotgan bo‘lsangiz, Lenovo ideapad 710S’ning boshlang‘ich daraja talqini ayni sizbop.

Lenovo ideapad 710S’ning qisqa tavsifi:

Turkumi:  Ultrabuk

Konstruksiya:   Klassik uslubda

Ekran diagonali: 13,3 dyuym

Ekran matritsasi: IPS

Displey:    Full HD (1,920×1,080) sig‘im, nur qaytaruvchi yuza.

O‘rnatilgan operatsion tizim: Windows 10.

Protsessor: 2/3 yadroli Intel Core i7-6560U/i5-6200U (2.3 Ggs dan 3,1 Ggs.gacha (Turbo Boost),

Videokarta: Intel HD 520

Tezkor va doimiy xotira: 8/16 GB tezkor xotira (2 kanalli LPDDR3-1600), 128/512 GB doimiy xotira,

Tashqi portlar: 2 ta USB 3.0, 1 ta microHDMI, 1 ta audio konnektor.

Veb-kamera: 1 MP, 720p sig‘im.

Klaviatura osti yoritgichi: mavjud.

Wi-Fi:   802.11 a/b/g/n/ac

Bluetooth:         4.0

Vazni, kg:              1,1

O‘lchamlari, mm:            307 x 214 x 13.9

Korpus materiali: alyuminiy

Akkumulyator sig‘imi: 6135 mA soat

Boshlang‘ich narxi: $749.99

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

http://shop.lenovo.com/ $749 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.