IFA-2016: Lenovo P2 – sifatli ekran, kuchli batareya

IFA-2016: Lenovo P2 – sifatli ekran, kuchli batareya

Xitoyning Lenovo kompaniyasi ayni vaqtda Berlinda o‘tkazilayotgan IFA-2016 ko‘rgazmasida kuchli batareyaga ega Lenovo P2 fabletini namoyish qildi. Fablet 5,5 dyuymli FHD formatidagi AMOLED displeyga ega. Ekran Gorilla Glass 3 standarti bo‘yicha himoyalangan. Qurilmaga 5100 mA/st sig‘imdagi TurboPower (24W) texnologiyasi qo‘llanilgan akkumulyator o‘rnatilgan. Ushbu texnologiya yordamida smartfonni 15 daqiqa quvvatlab, 10 soat davomida ishlatish mumkin.

Shuningdek, oltin va kumush rangli metall korpus ham diqqatingizni tortadi. Qurilma 2 GGs chastotadagi Snapdragon 625 protsessori va Android Marshmallow versiyasida ishlaydi. Tezkor xotiraning hajmi 3 GB, doimiy xotira esa 32 GBni tashkil qiladi. Bundan tashqari fabletga 128 GBgacha bo‘lgan microSD-kartalarni o‘rnatish imkoniyati ham mavjud.

Smartfonga 13 MPli asosiy va 5 MPli old kamera o‘rnatilgan. Lenovo P2 kuz oylarining oxirida bir va ikki sim-kartali variantlarda sotuvga chiqariladi. Fabletning narxi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.