Ilg‘or LG V30 taqdim qilindi: Note 8'dan 500 dollar arzon

Ilg‘or LG V30 taqdim qilindi: Note 8'dan 500 dollar arzon

Berlinda o‘tayotgan IFA 2017 konferensiyasi doirasida LG kompaniyasi yangi --   V turkumiga kiruvchi navbatdagi flagman smartfonini taqdim qildi. 2015 yildan boshlab chiqarilayotgan mazkur turkum ekran ostidagi qo‘shimcha displey bilan o‘ziga xos edi. Biroq, yangi model bu jihatdan mahrum bo‘lgan. Natijada, flagmani ekranining diagonali yanada kengaygan.    

LG'ning mazkur flagmani smartfon bozorida Samsung Galaxy Note 8 va iPhone 8 smartfonlari bilan raqobatga kirishadi. Devays Android 7.1.2 Nougat tizimida ishlaydi.

Dizayn: "qaylarda ko‘rganman seni?"

Flagman ko‘rinishidan bugungi ilg‘or mobil telefonlarni eslatadi: ekran atrofidagi yupqa rom, operatsion tizimni boshqarish uchun virtual tugmalar, qayrilma ekran... Ekran atrofidagi romlar yupqalashgan, xususan yuqori va quyi qismdagi hoshiyalar ingichkalikda Galaxy S8 yokt Note 8'ni ham uyaltiradi.

LG V30 korpusi Gorilla Glass 5 shishasi hamda metall ramka uyg‘unligida ishlangan. Devays orqa panelida barmoq izlari skaneri joylashgan. Uning korpusi IP 68 guvohnomasiga ega hamda chang va suvdan "qo‘rqmaydi".

Yangi gadjet korpusining qalinligi 7,3 mm, vazni — 158 gramm. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha,  bu flagman 6 dyuymli smartfonlar orasida eng yengili ekan.

Ekran: FullVision o‘zini oqlaydi

LG V30 smartfoni 6 dyuymli, OLED matritsali va QuadHD (2880 x 1440 pikselli) displey bilan ta’minlangan. Bu gal ham koreyalik tomonlar nisbati 18: 9 bo‘lgan FullVision ekranni joriy qilgan.  Old panel quyisidagi brend logotipi yo‘q. Ekran kengaytirilgan dinamik diapazonni va Google Daydream real voqelik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘ziga xos.

LG V30 displeyida ham Always On (AOD), ya’ni ogohlantirishlar uchun muntazam faol qism tatbiq qilingan. Unda musiqa. ilova, ogohlantirishlarni ko‘rsatishi, shuningdek uning orqali tez-tez foydalaniladigan ilova va funksiyalarga o‘tish mumkin.

Taqqoslang: Samsung Galaxy Note 8 diagonali 6,3 dyuymli Infinity Display dizaynidagi, Galaxy S8 kabi 18.5:9 hajmli, Super AMOLED matritsali  Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) piksel sig‘imli ekranga ega bo‘lgan.

Platforma: chindan ilg‘or

Flagman sotuvga 2 talqinda chiqariladi — V30 va V30+. Har ikkala talqin Qualcomm Snapdragon 835 protsessori, 4 GB "operativ" xotiraga ega bo‘ladi. Ulardagi farq doimiy xotira sig‘imida: 64 GB va 128 GB. Smartfolarda, shuningdek microSD bo‘lib, unga 2 terabaytgacha hajmli fleshka o‘rnatish mumkin.

Kamera: "o‘tkir ko‘z"

Flagmanlarga xos talabdan kelib chiqib, LG V30 bosh kamerasi qo‘sh modulga ega bo‘lgan: 16 Mp va 13 Mp. Ularga eng yaxshi -- f/1.6 va f/1.9 hajmidagi yorug‘lik linzalari o‘rnatilgan. Aytish kerakki, bu smartfon kamerasida f/1.6 hajmli diafragma o‘rnatilgan ilk flagman. Bu linza kameraga ko‘proq yorug‘lik o‘tkazish imkonini beradi.

Plastik linzalardan farqli ravishda, LG V30'dagi Crystal Clear Glass Lens shisha ob’yektivlari rangni to‘g‘ri muhrlash va tasvirni aniq-tiniq suratga olishi bilan kameraning texnikasini yanada kuchaytiradi. Old kamera soddagina — 5 Mp.

V30'dagi keng burchakli ob’yektivi Samsung Galaxy S8'ga qaraganda ko‘proq maydonni qamrab oladi. Yuqoridagi suratlarning birinchisi LG V30'da, ikkinchisi Galaxy S8'da olingan.

Boshqa jihatlari

V30'da o‘rnatilgan 32 bitli Hi-Fi Quad DAC ovoz konverteri, blokirovkadan chiqarish uchun ovozni va old kameradagi qiyofani taniydigan funksiya unga kuchli mobil telefonlar bilan raqobat qilish imkonini beradi.

LG V30 akkumulyatori 3300 mA soat tok sig‘imini jam qiladi. Batareyani simsiz quvvatlash mumkin. Smartfonda Bluetooth 5 standarti joriy qilingan.

LG V30 Janubiy Koreyada 21 sentyabrdan 699 dollar (64 GB) bahosida sotuvga chiqariladi. Eslatib o‘tamiz, uning raqibi bo‘lgan Galaxy Note 8 sentyabr oyi o‘rtalarida jahon bozoriga 1,185 AQSh dollari narxida sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!