Ilk partiyada qancha iPhone X sotuvga chiqarilishi aytildi

Ilk partiyada qancha iPhone X sotuvga chiqarilishi aytildi

Taniqli "ayfonshunos" Min-Chi Kou Apple'ning iPhone X ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar xususida to‘xtalib, kompaniya savdoning ilk partiyasida jahon miqyosida 2-3 mln dona iPhone X'ni sotuvga chiqarishini aytdi. Bu to‘g‘rida MacRumors xabar tarqatmoqda.

Kuoning ma’lum qilishicha, iPhone X ishlab chiqarish 2017 yilning noyabr oyiga kelibgina barqarorlashadi. Hozircha esa u yoki bu tarkibiy qismni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, displey bilan birga, iPhone X antennasi uchun yupqa bosma platasini yetkazib berishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Boisi, bu turdagi antenna uchun maxsus material, uskuna va ularning har birini sinovdan o‘tkazishga vaqt kerak bo‘ladi.

iPhone X antennasi iPhone 8'nikiga qaraganda ancha kuchli va bor-yo‘g‘i 2 ta yetkazib beruvchigina kompaniyani bunday turdagi qurilma bilan ta’minlay oladi. Ulardan eng yirigi Yaponiyaning Murata kompaniyasi bo‘lib, ayni paytda bu kompaniyada o‘zining shaxsiy muammolari yuzaga kelgani tufayli buyurtmani to‘liq yetkazib berishda to‘siqlarga duch kelmoqda.

Yangi ayfon savdosini orqaga tortib turgan tarkibiy qismlardan yana biri bosh kamera ob’yektividir. Qo‘sh sensorli smartfon chiqarayotgan boshqa kompaniyalarning kamera modullaridan farqli ravishda, iPhone X bosh kamerasida alohida plata o‘rnatilmoqda. Bu plata keng burchakli suratga oluvchi ob’yektiv hamda teleob’yektiv uchun mas’ul. Bu qurilmani Interflex kompaniyasi yetkazib berayotan edi. Biroq bu kompaniya ham Apple ehtiyojini qondira olmayapti.

Qiyofani taniydigan TrueDepth kamerasini ishlab chiqarish ham navbatdagi muammolardan biri. Boisi, texnologiya olamida yangilik bo‘lgan bu texnologiyani ishlab chiqarish oson emas.

Min-Chi Kouning aytishicha, 2017 yilning 4-choragida Apple 25-30 mln dona iPhone X sotadi. Ilk partiyada 2-3 mln dona iPhone X sotuvga chiqsa, 2018 yilning ilk choragida yangi ayfon yetkazib berish sur’ati keskin ko‘tariladi.

Noyabrdan boshlab sotiladigan iPhone X'ning eng arzoni 1000 AQSh dollaridan sotiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!