Ilk xususiy moliyalashtirilgan kosmik kema Oyga qo'nish arafasida

Ilk xususiy moliyalashtirilgan kosmik kema Oyga qo'nish arafasida

So'nggi paytlarda Yer sharining yagona sun'iy yo'ldoshi bo'lmish Oyda turli missiyalarni amalga oshirish niyatida bo'lgan mamlakat va tashkilotlar soni sezilarli darajada ko'paydi. Hozirda o'zining Artemis loyihasi bilan band bo'lgan NASA'dan tashqari Xitoyning Chang'e hamda Hindistonning Chandrayaan missiyalarini bunga misol qilib keltirish mumkin. Bu loyihalar ko'pchiligining umumiy jihati shundaki, ularning barchasi deyarli to'liq hukumat tomonidan qo'llab-quvvatlanadi, ya'ni xususiy investitsiyalar kam yoki umuman yo'q. SpaceX'ning 2023-yilga rejalashtirilgan dearMoon missiyasi bundan mustasno albatta, lekin milliarder Ilon Mask rahbarligidagi kompaniya Oy missiyasi ustida ishlayotgan yagona xususiy kompaniya emas.

O'tgan yilning dekabr oyida Yaponiyaning iSpace xususiy kompaniyasi SpaceX'ning Falcon 9 raketasida Hakuto-R nomli Oyga qo'nuvchi kosmik kemani uchirgan edi. O'tgan oyning 21-sanasida esa u Oy orbitasiga muvaffaqiyatli kira olgan.

Hakuto-R Oy orbitasidan yuborgan ajoyib suratlarning biri. Foto: iSpace (Twitter); 

Endilikda esa Hakuto-R Oy yuzasiga birinchi qo'nish urinishini amalga oshirishi kutilmoqda. Agar bu muvvaffaqiyatli amalga oshsa, Hakuto-R xususiy kompaniya tomonidan Oyga uchirilgan va qo'ngan ilk kosmik kema bo'ladi.

Hakuto-R'ning Oyga qo'nishga urinishi Toshkent vaqti bilan 20:00 ga rejalashtirilgan va siz uni quyida biriktirilgan pleyer orqali yoki iSpace'ning rasmiy YouTube sahifasiga o'tib jonli tomosha qilishingiz mumkin bo'ladi. Jarayon taxminan 1 soat davom etadi.

Hakuto-R kosmik kemasi ikkita: Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligining Sora-Q va Birlashgan Arab Amirliklari kosmik agentligi tomonidan qurilgan Rashid roverlarini o'z ichiga oladi. Ulardan Hakuto-R qo'ngandan keyin Oy yuzasining geologik xususiyatlarini o'rganish uchun foydalaniladi, lekin bu iSpace kompaniyasi Oy missiyasining asosiy maqsadi emas – loyiha birinchi navbatda iSpace kosmik kemasi Oy yuzasiga yukni muvaffaqiyatli tushirish qobiliyatiga ega ekanligini isbotlashga qaratilgan sinov tadbiri hisoblanadi.

Missiyaning muvaffaqiyatli yakunlanishi iSpace'ga keyingi yil amalga oshiriladigan ikkinchi missiyani olib keladi va bu safar u tijoriy yuklarni Oyga yuborish va NASA uchun tuproq namunalarini yig'ishni o'z ichiga oladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!