Ilon Mask butun dunyoni bepul internet bilan ta’minlay oladimi?

Ilon Mask butun dunyoni bepul internet bilan ta’minlay oladimi?

Dunyoga mashhur tadbirkor va kashfiyotchi Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi payshanba kuni Yer sayyorasini tezkor internet bilan ta’minlash yo‘lida yana bir ulkan qadamni tashladi. AQSh hukumati kompaniyaga dunyoni yuqori tezlikdagi va past narxdagi yoki ayrim hududlarda bepul internet bilan ta’minlashga mo‘ljallangan 4,425 ta sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirishga ruxsat berdi.

Biroq Federal Kommunikatsiya Komissiyasi e’lon qilgan qarorda SpaceX'ga ba’zi shartlar qo‘yilgan. SpaceX kompaniyasi fazoga sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish amaliyotini 2019 yildan boshlab, 2024 yilga qadar jami 4,425 ta sun’iy yo‘ldosh bilan butun sayyorani yuqori tezlikdagi past narxli yoki bepul internet bilan ta’minlashni ko‘zlayotgan edi. Ammo AQSh hukumati qo‘ygan shart bo‘yicha SpaceX 2024 yil martiga qadar sun’iy yo‘ldoshlarning faqat 50 foizini va 2027 yil mart oyiga qadar esa qolgan yarmini uchirishi lozim, ya’ni SpaceX'ning insoniyatni bepul internet bilan ta’minlash rejasi yana uch yilga kechikadigan bo‘ldi.

Ertaga, ya’ni 2 aprel kuni SpaceX Floridada birinchi sinov sun’iy yo‘ldoshi ortilgan Falcon 9 raketasini uchirishi rejalangan.

SpaceX kompaniyasi dunyoni istalgan nuqtasini internet tarmog‘i bilan ta’minlashga ahd qilgan yangi xizmatini Starlink deb nomlamoqchi. Kompaniya raketalar uchirish, Marsni o‘zlashtirish kabi keng ko‘lamli rejalarini Starlink keltiradigan foyda orqali qoplashni maqsad qilmoqda. Ilon Maskning ishonishicha, 2025 yilga qadar 40 milliondan oshiq odam Starlink xizmatidan foydalanayotgan bo‘ladi, xizmat narxlari past bo‘lishiga qaramay, uning qiymati $30 milliarddan oshib ketadi. 

Ayni xabar paydo bo‘lgunga qadar SpaceX kompaniyasining bankrotga uchrashi haqida gap-so‘zlar ko‘paygan edi. AQSh hukumati ishonch bildirgandan so‘ng kompaniyaning aksiya qiymatlari yana ko‘tarila boshlagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!