Inglizchani o‘rgatuvchi bepul ilovalar

  •   DiMaX
  •  12368
  •  13.02.2017 12:31

Inglizchani o‘rgatuvchi bepul ilovalar

Xorijiy tilni kompyuter va smartfon dasturlari orqali o‘rganish – hozirgi kunda ommalashgan yo‘nalish. Masalan, smartfoningizda shunaqa ilova bo‘lsa, qayerda ekaningizdan qat’i nazar, har kuni bo‘sh vaqtingizda yoki ma’lum soatlarni maxsus ajratib, til o‘rganib borish qulay-da. Layfxaker sayti ingliz tilini o‘rganish uchun eng maqbul bo‘lgan bepul ilovalar ro‘yxatini taqdim etgan.

«Vaqt yo‘q» – eng siyqasi chiqqan bahona. Aslida eng band kishi ham ingliz tilini o‘rganish uchun vaqt ajrata oladi. Buning uchun mashg‘ulotlar uzun va jonga tegadigan bo‘lishi shart emas, faqat muntazam bo‘lishi shart! iOS va Android tizimlariga moslab chiqarilgan quyidagi dasturlar orqali ingliz (yoki boshqa biror xorij) tilini yo‘l-yo‘lakay, bir finjon qahva ustida ham oz-ozdan o‘rgansa bo‘ladi.

Voxy

Ushbu ilovaning boshqalariga nisbatan asosiy afzalligi shundaki, u real vaqt rejimida aynan sizning talab va istaklaringizga moslashib boradi. TOEFL’ga tayyorgarlik ko‘rmoqchimisiz? Sayohat davomida kerak bo‘ladigan jumlalarni yodlamoqchimisiz? Ish uchun suhbatga tayyorlanmoqchimisiz? Marhamat! Ayni shu til sohibi bo‘lgan ustozlar tezkorlik bilan sizga yordam berishadi. Bundan tashqari, ilova har kuni yangilanib boradi.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Words

Apple tahririyati bu dasturni «Ta’lim» toifasidagi eng yaxshisi, deya e’tirof etgani bejiz emas. Uning bazasida sakkiz mingdan oshiq so‘z bor, yana ilova offlayn rejimida (internetga ulanmasdan turib) ham ishlay oladi! Asosiy ustunligi: dastur aniq bir foydalanuvchiga (ya’ni, sizga) moslashadi hamda topshiriq va testlarda u aynan avval siz murakkabliklarga duch kelgan so‘zlarni taklif qiladi. So‘zning ma’nosini aniqlashda xatoga yo‘l qo‘ydingizmi – to eslab qolguningizcha sizga yana bir necha marta ayni shu so‘z taklif etiladi.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Easy Ten

Mazkur ilova yordamida siz har kuni o‘ntadan yangi so‘z yodlab, o‘z xorijiy so‘zlar bisotingizni muntazam tarzda boyitib borasiz. U ko‘p vaqtingizni olmaydi – kuniga 20 daqiqa ajratsangiz kifoya. Dastur 20 mingdan ortiq inglizcha so‘zlarni «biladi» va maxsus trenajyor yordamida siz ularni to‘g‘ri talaffuz etishingizni ham mukammallashtirib borasiz. Bulardan tashqari, yangi so‘zlarni mavzulariga qarab taqsimlay olasiz, o‘rganishingiz jarayonini kuzatishingiz imkoni bor – bular esa sizni olg‘a undaydigan qo‘shimcha omillar bo‘lib xizmat qiladi.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Learn English

Bu dastur yordamida ingliz tili grammatikasi bo‘yicha bilimingizni takomillashtirasiz va jumlalar tuzishdagi xatolaringiz ustida ishlaysiz. Bu jihatlar esa hatto shu tilda so‘zlashuvchilarda ham uchrab turadigan xatolar sirasiga kiradi. Matnli materiallar, audiofayllar va testlar esa bu boradagi bilimlaringizning qayerida kemtikliklar mavjudligini aniqlab, to‘ldirishga yordam beradi.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Rosetta Stone

«Rozetta toshi» sizga yangi so‘zlarni tegishli o‘zaro bog‘liqliklar – assotsiatsiyalar orqali eslab qolishda yordam beradi. Talaffuzni baholash dasturi o‘rgangan so‘zlaringizni to‘g‘ri ayta bilishga o‘rgatadi. Ilovaning o‘zi bepul, ammo pulli materiallari ham bor.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

English Grammar in Use Activities

Cambridge University Press ishlab chiqargan bu dastur sizga grammatik ko‘nikmalaringizni mukammallashtirishda ko‘makchi bo‘ladi. Artikllar, noto‘g‘ri fe’llar, otlarni o‘rganishni siz uning yordamida avtomatik yo‘lga solishingiz mumkin.

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Memrise

Ingliz tilini o‘rganish jarayoni huzur baxsh etishi, yangi so‘zlar esa osongina esda qolishi uchun mana shu – ta’limga o‘yin usulida yondashilgan ilovani tavsiya etishadi. Memrise razvedka guruhining rahbari sizni o‘rganilmagan ingliz tili olami bo‘ylab qiziqarli sayohatga yuboradi. U yerda esa jumboqlar ko‘p, yo‘lingizda dushmanlarning sirli agentlari va yaxshi yordamchilar uchraydi…

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Phrasalstein

Bu antiqa dastur yoyiq (frazali) fe’llarni to‘g‘ri qo‘llashga o‘rgatadi. Phrasalstein ishlab chiquvchilari unga o‘zgacha yondashishgan: eng ko‘p uchraydigan 100 ta yoyiq fe’lni qo‘rqinchli multfilmlardan olingan lavhalar asosida o‘rgatadi!

Android yoki iOS uchun yuklab olishingiz mumkin.

Anglab yetganingizdek, yuqoridagi ilovalar ingliz tilini turli darajada biluvchi kishilarga mo‘ljallangan. Murakkablik darajasini, o‘rganish rejimingizni o‘zingiz belgilab, birortasini tanlasangiz yetarli. Faqat har kuni shug‘ullanib, takrorlab borishni unutmang.

Bu dasturlardan leksikani o‘rganish va grammatikani takrorlash uchun alohida vosita sifatida foydalansangiz ham, ingliz tili kurslari yoki repetitorga qatnash jarayonidagi yordamchi qo‘llanma tarzida ishlatsangiz ham bo‘laveradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!