Instagram'ning yangi funksiyasi bilan Linktree'ga xayr deysiz!

Instagram'ning yangi funksiyasi bilan Linktree'ga xayr deysiz!

Avval "Highlight"larda, keyin esa Linktree kabi platformalarda... Instagram foydalanuvchilari o'zlarining Internetdagi boshqa sahifalariga havola ulashish bir muncha qiyinchiliklarga duch kelishar edi, lekin ortiq bunday bo'lmaydi. Mark Tsukerberg o'zining Instagram kanalida platformaga qo'shilayotgan yangi funksiyani e'lon qildi va bu ijtimoiy tarmoqdagi sahifangiz biografiyasiga 5 tagacha havola o'rnatish imkoniyatidir.

Ha, endi siz Instagram'dagi biografiyangizga 1 emas, naqd 5 tagacha havolalarni joylay olasiz. Buni ijtimoiy tarmoqning mobil ilovasi orqali, profilni tahrirlash bo'limidan amalga oshirishingiz mumkin. U yerda siz havolalarni qo'shish bilan birga ularga nom ham bera olasiz. Biroq, barcha havolalar sahifangizda paydo bo'lmaydi. Siz ularning birini asosiy qilib tanlaysiz, qolganlari esa "va boshqa havolalar" tugmasi ostida bo'ladi. Obunachilaringiz o'sha tugmani bosganlarida ular sizning havolalaringiz ro'yxatini ko'rishadi.

"Ehtimol bizdan eng ko'p talab qilingan funksiyalardan biri", – deydi Mark Tsukerberg yangi xususiyatni e'lon qilar ekan.

Ta'kidlash joizki, Instagram'da o'zining boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi profillari yoki saytlarini uchun havolalarni ulashishda Linktree kabi platformalardan foydalanish ancha ommalashgan va bu hozir ham ancha aktual. Undan avval esa bloger yoki boshqa biznes egalari Instagram "Highlight"larida o'zlarining boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi havolalarini qoldirishar edi (va hozir ham bunday akkauntlarni uchratishingiz mumkin). 

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.