Intel o‘zining noutbuklarga mo‘ljallangan eng kuchli protsessorini taqdim qildi

Intel o‘zining noutbuklarga mo‘ljallangan eng kuchli protsessorini taqdim qildi

O‘tgan yili Intel kompaniyasi shaxsiy kompyuterlar uchun mo‘ljallangan ilk Core i9 protsessorini taqdim qilgandan so‘ng bu qudratli jihozning noutbuklarga o‘rnatila boshlashi faqat vaqt masalasi bo‘lib qolgan edi. Bugun kompaniya noutbuklarga mo‘ljallangan birinchi Core i9 chipini e’lon qildi va uni «Intel shu vaqtgacha yaratgan noutbuk protsessorlari ichida eng qudratlisi» deb atadi.

Bugun e’lon qilingan eng qudratli model Intel Core i9-8950K nomini olgan. Sakkizinchi avlodga mansub bu chipning tezligi Turbo Boost texnologiyasi bilan 4.8 gigagersga yetishi mumkin. Shuningdek, ushbu chip Intel noutbuklar uchun taklif qilayotgan protsessorlar ichida olti yadro va 12 oqimga egaligi bilan yagona hisoblanmoqda. Intel'ning ma’lum qilishicha, bu chip yettinchi avlod protsessorlaridan 29 foiz tezroq ishlay oladi. Bu protsessor bilan «og‘ir» o‘yinlar o‘ynash samaradorligi 41 foiz, 4K formatdagi videolar montaj qilish tezligi esa 59 foizga oshgan.

i9 protsessorlari bilan birgalikda Intel noutbuklar uchun kompaniyaning Coffe Lake nomli 14nm++ arxitekturasiga asoslangan i5 va i7 protsessorlarini ham taqdim qilmoqda. Bu protsessorlar sakkizinchi avlodga mansub Kaby Lake R chiplari o‘rnini egallashi aytilmoqda. Kaby Lake R chiplari sakkizinchi avlodga mansub 14nm+ arxitekturasining yangilangan talqini hisoblanar edi.

Intel'ning U seriyadagi protsessorlarning bir qismi hisoblanmish oldingi sakkizinchi avlod chiplaridan farqli o‘laroq yangi i9, i7 va i5 Coffe Lake chiplari H seriyasi ostida taqdim qilinmoqda. Ayni vaqtda Intel AMD bilan Radeon RX Vega M gibrid protsessorlari borasida hamkorlik qilmoqda. Biroq Radeon RX Vega M protsessorlari yupqa va yengil vazndagi noutbuklar ishlab chiqmoqchi bo‘lgan kompaniyalar istagiga mos kelsa, Coffe Lake chiplari og‘ir va qalin, lekin o‘yin o‘ynash hamda grafik vazifalarni bajarishda o‘ta qudratli noutbuklarga mo‘ljallangan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!