“iOS’lashgan” Android O tizimidagi 10 ilg‘or jihat

“iOS’lashgan” Android O tizimidagi 10 ilg‘or jihat

17 may kuni start berilgan Google I/O — an’anaviy dasturchilar anjumanida “Android O” nomli yangi mobil operatsion tizimining beta talqini taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yozda mobil qurilma foydalanuvchilariga to‘liq taqdim etiladigan tizimdan hozircha Pixel, Pixel XL, Pixel C, Nexus 5X hamda Nexus 6P smartfonlarida foydalanish mumkin.

Yangi dasturiy platforma 3 muhim hayotiy ehtiyoj asosida yaratilgan: tezkor ishlash, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari uchun kengaytirilgan funksiyalar.

1. Android O tizimi smartfon foydalanuvchilariga ogohlantirishlarning yangicha interfeysi, “surat ichida surat”, ya’ni ekranda asosiy va qo‘shimcha tasvir oynasini tashkil qilish funksiyasi hamda akkumulyator quvvatini uzoqqa yetishiga xizmat qiluvchi ilg‘or texnologiyani taqdim qiladi.

2. Anjumanda e’lon qilinishicha, operatsion tizimni yaratishda uning mobil qurilma tezkorligini ta’minlashiga ham alohida diqqa qilingan. Yangi operatsion tizimi va undagi ilovalar avvalgi — Nougat tizimiga qaraganda 2 barobar tezroq yuklanadi. Shu bilan birga, quvvat iste’molida Nougat’chalik “badnafs” emas.

3. Shuningdek, dasturchilarga Play Console Dashboard funksiyasi yordamida ilovalarining tezkorligi, kamchiligi va quvvat iste’molini nazorat qilish imkoni yaratildi. Shu orqali har bir ilovani optimal darajada ishlab chiqarishga imkon tug‘iladi.

4. Yangiliklar qatorida Notifications Dots, ya’ni o‘tkazib yuborilgan xat-xabar, qo‘ng‘iroqlar va boshqa yangiliklardan tezkor xabardor qiluvchi funksiya qisman iOS’ni eslatadi. Endi ogohlantirishlar bilan tanishish uchun ilovaga kirib yurish talab etilmaydi. Endi ekrandagi ilova ramzlariga uzog‘roq bosib turilsa, Notification Dots ogohlantirishlar nuqtasi paydo bo‘ladi. Bu yerda ogohlantirish matni bilan tanishish mumkin. Biroq, iOS’da ogohalntirishlar soni ko‘rinadi, xolos.

Ogohlantirish olishni sozlash ham mumkin. Misol uchun, ba’zi ogohlantirishlarni taqiqlab qo‘yish, yoki texnologiyalar, siyosiy va qiziqishga ko‘ra, boshqa mavzudagi yangiliklarni kuzatib borishni sozlab qo‘yish mumkin.

5. Endi smartfonlardagi xavfsizlik uchun Google Play Protect dasturi javob beradi. Bu dastur Google Play’dagi zararli fayllarni tahlil qilib, smartfon platformasini ulardan himoya qiladi. Foydalanuvchiga xavfsizlik bo‘yicha tekshiruv natijalaridan boxabar qilinadi, virusli fayllar bloklanib, tizimdan avtomatik ravishda o‘chirib yuboriladi. Bu dastur ilovalar katalogini har kun skaner qiladi.

6. Bu tizimning yana bir o‘ziga xos jihati — smartfonni izlash funksiyasi. Misoli, Find My iPhone funksiyasi kabi.

7. Va, nihoyat Android operatsion tizimi ko‘ngildagidek emozi-smayliklarga ega bo‘ladigan bo‘ldi.

8. Autofill funksiyasi esa Chrome brauzerida saqlab qolingan maxfiy so‘z yordamida xizmatlar ilovalariga avtomatik ravishda kirish imkonini beradi. Ya’ni, har gal login va parolni terib o‘tirib talab etilmaydi.

9. Google xizmatiga ulangan Smart Text Selection nomli matnni ko‘chirish va qo‘yish funksiyasi tatbiq etilgan bo‘lib, uzoq bosib turish yoki 2 marta tez-tez bosish orqali faqat kerakli matnni ko‘chirib oladi. Misol uchun, telefon raqami, manzillarni. Shu bilan birga, Android O tizimidagi smartfon manzili so‘ralgan kompaniyaga yoki u yerdagi odamga qo‘ng‘iroq qilishni yoki xaritada manzilini ko‘rsatishni taklif qiladi.

10. Eng arzon hamyonbop android qurilmalar Android O’ning moslashtirilgan talqini — Android Go’dan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Google va uning hamkorlari bu yil Daydream VR-platformalari uchun to‘liq mustaqil faoliyat ko‘rsatadigan virtual voqelik shlemlarini ham taqdim qiladilar.

Anjumanda dasturchilar tomonidan Google Lens ilovasi taqdim qilindi. Bu ilova kadr va tasvirdagi ob’yektlarni aniqlash ko‘nikmasiga ega.

Google I/O 2017 anjumanida e’lon qilingan 5 raqam:

Bugun Android operatsion tizimidan jahon miqyosida 2 milliard dona qurilma foydalanadi.

Har kuni YouTube tarmog‘ida 1 milliard soatdan ziyod video tomosha qilinadi.

Google Photos foto-xizmati auditoriyasi hozirda 500 million nafar kishini tashkil qiladi.

Google Maps xizmatiga har kuni foydalanuvchilar 1 mililard km.ga teng bo‘lgan marshrutlarni qo‘shadilar.

Google Assistant ovozli yordamchisi hozirda 100 million dona qurilmada foydalanilmoqda. U tez orada iOS platformasida ham ishlay boshlaydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!