iOS va Android uchun yangi qo'shiladigan emojilar

iOS va Android uchun yangi qo'shiladigan emojilar

Kelayotgan yakshanba, 17-iyul, Butunjahon emoji kuni bo'lib, shu bahona biz Emojipedia tomonidan iOS va Android uchun 2022-2023-yillarga mo'ljallangan Emoji 15.0 versiyasidagi yangi emojilari bilan tanishamiz. Unicode taklif etayotgan yangi emojilarning soni 31 ta bo'lib, bu oldin taqdim qilingan Emoji 13.0 (117 ta), 13.01 (217 ta) va 14.0 (112 ta) versiyalariga qaranganda eng kamidir.

Emoji 15.0 o'z ichiga olgan yangi namuna emojilar. Foto: Emojipedia

Yuz ifodalari qatoriga Emoji 15.0 bilan qo'shilishi kutilayotgan "yuzni qimirlatish" emojisi shok reaksiyalar yoki boshqalar uchun ishlatilishi mumkin. Bugungi kunda ko'pchiligimiz do'stlarimiz bilan chat vaqtida besh tashlash uchun "ko'tarilgan qo'l" emojisidan foydalanamiz, yangi Emoji versiyasidagi "O'ngga/chapga qo'l surish" emojilaridan birgalikda foydalangan holda esa biz haqiqiy besh tashlashni amalga oshirishimiz yoki ularning bittasidan foydalanish bilan biron narsani rad qilayotganimizni ifodalashimiz mumkin bo'ladi.

Turli xil rangdagi yurak emojilari butun dunyo bo'ylab juda ko'p ishlatiladi va ular qatoriga endilikda yana uch xil: och moviy, kulrang va eng ko'p so'ralgan oddiy pushti rangdagi yurak emojilari qo'shilmoqda.

Albatta, Emoji 15.0 hayvonlar va o'simliklar emojilarini ham o'z ichiga oladi. Bu safargi yangilanish, hayvonlar bo'yicha bug'ular oilasiga kiruvchi elk, eshak, qarg'a (yoki qora qush), g'oz va meduza bilan birgalikda qanot emojilarini, o'simlik bo'yicha esa sumbul guli, zanjabil va no'xat donalari emojilarini o'z ichiga oladi.

Shuningdek, ayollar uchun yelpig'ich va yana bir xil taroq turidagi emojilar, musiqa ishqibozlari uchun esa marakas va nay emojilari ham biz uchun yangi hisoblanadi.      

Qo'shimchasiga, biz yangi emojilar qatorida "rasmiy" Wi-Fi emojisini ko'rishimiz mumkin. Hozirgi emojilar orasida Wi-Fi emojisi mavjud emas, shu sabab ko'pchilik mobil aloqani ifodalaydigan "antenna tayoqchalari" emojisidan foydalanishadi.

Ta'kidlash joizki, ushbu emojilar hozircha shunchaki namunalar bo'lib, ular sentabrda tasdiqlanishi kutilmoqda va bu vaqt orasida ularga biroz o'zgartirishlar kiritilishi ham mumkin. Yil oxiriga kelib esa (oktabr-dekabr), Google va Android platformalari Emoji 15.0 versiyasini erta qo'llab-quvvatlashni boshlashi aytilmoqda. Keyingi yil boshidan oxirigacha, ya'ni yanvardan oktabrgacha esa Apple va Samsung platformalari, shu bilan birga, Facebook va Twitter ham yangi emojilarni qo'llab-quvvatlashni boshlashadi.

O'QING: Honor kompaniyasi o‘zining yangi smartfonini taqdim etdi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!