iPad Pro’ning PC-kompyuteridan ojiz jihati ma’lum qilindi

iPad Pro’ning PC-kompyuteridan ojiz jihati ma’lum qilindi

Apple Inc. tomonidan 21 mart kuni taqdim etilgan yangi 9.7 dyuymli iPad Pro jahonda foydalanilayotgan 600 milliondan ziyod PC-kompyuterlarining o‘rnini egallashni ko‘zlaydi. Bu haqida Apple korporatsiyasining marketing bo‘yicha bosh prezidenti Filipp Shiller ma’lum qilgan.

Mutaxassislar Apple’ning bu “da’vosi”ga shubha bilan qarashmoqda. Buning bosh sabablari sifatida iPad Pro’da sichqoncha va trekpad – qo‘l bilan tegib buyruq berish panelining yo‘qligi aytilmoqda.

2014 yilning yanvarida Apple’ning raqobatchilari tomonidan namoyish etilgan ilk sensor ekranli noutbuklar haqida kompaniya salbiy fikr bildirgan edi. iPad Pro’da esa kompaniya aynan ana shu sensorli monitor texnologiyasini tatbiq qilgan. Shu sababli bo‘lsa kerak, gadjetda sichqoncha va trekpadni o‘qish funksiyasi joriy qilinmagan.

Ammo planshet $149 dollarlik “Smart Keyboard” aqlli klaviaturani hamda $99 “Apple Pencil” aqlli qalamchani qo‘llab-quvvatlaydi.

Sensorli interfeysda amallarni bajarish doim ham oson emas. Ayniqsa, oddiy matn tanlash uchun ham disleyni silash foydalanuvchini charchatib qo‘yishi mumkin.

Shu bilan birga, planshetdagi dastur yaratuvchilari uchun kerakli ko‘p jihatlar qisqartirilgan.

Bu tabletga munosib raqiblarni ishlab chiqarayotgan Google Inc. hamda Microsoft Corp., allaqachon kompyuter va planshet imkoniyatlarini mujassam qilgan gibrid gadjetlarni ishlab chiqarmoqdalar.

Garchi, jahonda desktop kompyuterlar savdosi nisbatan tushgan bo‘lsa ham, hanuz ularga ehtiyoj yuqori. Misol uchun, 2015 yilda 280 million dona kompyuter sotilgan.

Apple tomonidan uning gadjetlarining ommalashishiga xizmat qilayotgan ilovalarni ishlab chiqaruvchilariga ham bir qator malol keladigan cheklovlarning qo‘yilgani 2015 yilda iPad savdosining 23 foizga tushib ketishining yana bir sababidir.

2015 yilning “Eng yaxshi mobil planshet”i nomi esa Jahon mobil kongressi 2016 anjumani doirasida o‘tkazilgan “Global Mobil mukofot” taqdirlash marosimida  Microsoft Surface Pro 4’ga topshirilgan edi.