iPhone 7’da ko‘zga tashlanayotgan eng katta muammo aytildi

iPhone 7’da ko‘zga tashlanayotgan eng katta muammo aytildi

Apple tomonidan iPhone 7 smartfonlari seriyasida taqdim qilingan “jilosiz qora” (Matte Black) hamda jilodor qora (Jet Black) ayfonlarida korpus rangi bilan muammolar yuzaga kelmoqda.

Apple avval boshdanoq mazkur ayfonning Jet Black talqini oson tirnalishini ma’lum qilgan edi. Matte Black rangidagi model to‘g‘risida esa bunday ogohlantirishlar berilmagan bo‘lsa ham, bu versiyadagi qora ayfonlarda so‘nggi paytlarda kosmetik defektlar ko‘p uchramoqda.

Apple foydalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash xizmatiga oxirgi vaqtlarda Matte Black rangli ayfonga xos aynan mana shu kamchilik bilan shikoyat qilayotganlar soni oshib ketgan. Ko‘p hollarda rangning ko‘chishi smartfon panelining yon tomonlarida, tugmacha va karnay atroflarida kuzatilmoqda. Mazkur kamchilik ilk marotaba 2016 yilning kuzida, iPhone 7 sotila boshlanganidan 2 oy o‘tib ma’lum qilingan edi.

Apple hozircha smartfon korpusining rangi ko‘chishi bilan bog‘liq kosmetik muammolar bilan bog‘liq majburiy kafolatni bergani yo‘q. Shu bois, jabr ko‘rgan foydalanuvchilar gadjetni boshqasiga almashtirib olishdan umid qilmasalar ham bo‘ladi.

Apple iPhone 7 smartfonlari 2016 yilning sentyabr oyida taqdim qilingan edi. Gadjetlar suv hamda chang ta’siriga bardoshli. Uning yuqori talqini bo‘lmish iPhone 7 Plus’da ikkita kamera bosh kamera vazifasini bajaradi. Qurilmada 3,5 millimetrli an’anaviy ovoz portidan voz kechilgan.
Apple kompaniyasi yangi Matte Black va Jet Black versiyadagi ayfonlar korpusining metall sirtini anodlashda va sayqallashda ko‘p bosqichli jarayondan o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Qurilma ekran qismi juda pishiq. Apple foydalanuvchilarga qora talqinli iPhone 7’ning korpusini tirnalishdan himoya qilish uchun chexoldan foydalanishni maslahat bermoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!