iPhone 7’da oddiy quloqchin uchun tirqish ochish mumkin! (+video)

  •   DiMaX
  •  2137
  •  11.09.2017 10:30

iPhone 7’da oddiy quloqchin uchun tirqish ochish mumkin! (+video)

Xitoyning jin ko‘chalaridagi bozorda o‘zi uchun iPhone 6s tergan sayyoh esingizdami? Yaqindagina u o‘zining yangi loyihasini yakuniga yetkazdi – iPhone 7 smartfonini quloqchinga mo‘ljallangan 3,5 millimetrlik tirqish bilan jihozladi! Endi u o‘z ayfoniga hech bir o‘tkazgichlarsiz, istalgan quloqchinni ulab ishlata oladi.

Skotti Allen so‘zlariga ko‘ra, aynan kamerasining imkoniyatlari kengligi uchun ham u iPhone 7 sotib olgan. Biroq shunday ajoyib smartfonda oddiygina quloqchin uchun tirqish yo‘qligi bu tinib-tinchimas kishining hafsalasini pir qilgan. «Shuni o‘zim yaratsam-chi?» degan fikr xayoliga kelgan va bunga jiddiy kirishgan.

«Faqat tentaklargina dunyoni o‘zgartira olaman, deb o‘ylaydi. Va buni uddalaydi ham!» degan edi bir paytlar ayni shu smartfonni ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos solgan Stiv Jobs. Ha, xuddi shunday – S.Allen ham boshqalar urinib ko‘rmagan ishga qo‘l urib, buning uddasidan chiqa bildi! Biroq buning o‘zi bo‘lmadi...

Loyiha ustida ishlash naq 4 oy vaqt oldi. Mazkur g‘oyani amalga oshirish uchun minglab dollar mablag‘ sarflandi. Bu pullar nafaqat qimmatbaho jihozlarning ijarasi va ishlashga sarflandi, balki ularga naq uchta yangi iPhone 7 hamda o‘ta ko‘plab miqdorda adapterlar xarid qilindi. Tirqish ochishga urinishda sindirilgan boshqa butlovchi qismlarni yangilashga ham xarajat qilishga to‘g‘ri keldi.

Oxir-oqibatda, Skotti Allen 3,5 millimetrlik tirqishga ega o‘z platasini yaratdi, iPhone 7 korpusini teshdi va bularning barchasini ishlata bildi!

Mana, o‘zingiz tomosha qiling:

 

Eslatma: «Terabayt.Uz» tahririyati sizga bu tajribani takrorlab ko‘rmaslikni maslahat beradi. Bu kabi urinishlar sababli qurilmangizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday nosozlik uchun o‘zingiz mas’ul bo‘lasiz.