iPhone 7: dizayn, funksiyalar, ko‘rinish va narx-navo ma’lum bo‘ldi

iPhone 7: dizayn, funksiyalar, ko‘rinish va narx-navo ma’lum bo‘ldi

Sentyabr oyida namoyishi kutilayotgan iPhone turkumining navbatdagi avlodi xususida turli taxmin va “bashorat”lar e’lon qilinayotgan bir paytda, jahonning nufuzli Wall Street Journal nashri ham bu borada o‘z qarashlarini bayon qilishga qaror qildi. Jurnalning ayfon ishqibozlariga yetkazgan ilk iliq xabari bu – iPhone 7’ning eng kamida 32 gigabaytli doimiy xotira talqinida ishlab chiqarilish bo‘ldi. Ha,  16 GB xotira bilan xayrlashadigan vaqt allaqachon kelgan edi.

Apple 32 GB doimiy xotiraga ega flagman smartfonini ishlab chiqarayotgan ilk kompaniya emas, albatta. Samsung kompaniyasi ham ancha avval smartfonlarga 16 GB doimiy xotirani tatbiq etmay qo‘ygan. Bir muddat avval axborot texnologiyalari vakillari yangi iPhone 256 gigabaytgacha ma’lumotni sig‘dira oladigan xotiraga ega bo‘lishi haqida yozishgan edi.

Navbatdagi ayfon vakili samarador va quvvatni tejaydigan Apple A10 protsessori, 2 yoki 3 GB tezkor xotira bilan ta’minlangan bo‘ladi.

PatentlyApple nashrining yozishicha, Apple korporatsiyasi Amerika patentlash va savdo markalari byurosidan texnologiyalar sohasiga oid  47 ta yangi patentni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Yangi patentlardan biri kompaniyaga buyumlarni 3 o‘lchamda skaner qiluvchi va oraliq masofani aniqlaydigan qo‘sh kamerali texnologiyadan foydalanish huquqini beradi. Ayfonshunos ekspertlarga ko‘ra,  iPhone 7 (Plus yoki Pro) ikkita bosh kameraga ega bo‘ladi.

Apple’ning yangi smartfonlarida olingan suratlarni qayta tahrirlab, ularning fokusi (suratga olinadigan narsalarning eng ravshan, aniq ko‘rinadigan nuqtasi)ni o‘zgartirish funksiyasi mavjud bo‘ladi. Shu bilan birga, kameralar suratdagi ikki ob’yekt oralig‘idagi masofani o‘zgartirish imkoniga ham ega bo‘ladi.

Yana bir muhim funksiya – kameralarning  jismlarni 3 o‘lcham shaklida suratga olishidir. Bunda iPhone 7 smartfoni 3D kamerasi misol ishlaydi: kerakli jism tasviri optik funksiya yordamida har o‘lchamda olinadi va shundan so‘ng smartfonga o‘rnatilgan funksiya olingan tasvirni birlashtirib, 3 o‘lchamli suratga aylantiradi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar ham, ilk marotaba ob’yektlarni 3 o‘lchamda suratga olish funksiyasi 2016 yilda namoyish qilingan Lenovo Phab2 Pro smartfonida taqdim etilgan. iPhone 7’ning yanada takomillashgan funksiyaga ega bo‘lishi kutilmoqda.

iPhone 7 to‘g‘risida insayderlar tomonidan ma’lum qilingan yangiliklarga qaraganda  smartfon dizayn jihatidan iPhone 6 va 6s’dan bir oz farq qiladi. 14 iyul kuni e’lon qilingan norasmiy videoda yangi qurilma korpusining orqa panelida avvalgilari kabi  antennalarni bekitib turadigan plastik chiziqlar bo‘lmaydi. Korpusda shisha va metall uyg‘unligiga guvoh bo‘lish mumkin.

iPhone 7 korpusidagi 3,5 mm audio port o‘z o‘rnini Lightning universal konnektoriga bo‘shatib bergan. 13 iyul kuni internet nashrlarida tarqalgan suratlarga suyanadigan bo‘lsak, Apple yangi flagmanda EarPods audio quloqchinlaridan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, korpusdagi an’anaviy “bosh tugma” o‘rniga virtual ko‘rinishdagi bosh tugma o‘rnatiladi.

Taniqli insayder Stiv Xammershtoffer esa o‘z blogida iPhone 7 “aqlli telefon”ining yana bir muhim jihatini yozgan. Unga muvofiq, yangi ayfonning akkumulyatori 1960 mA soat elektr toki sig‘imiga ega bo‘ladi (iPhone 6s = 1715 mA soat), ya’ni avvalgi ayfonga qaraganda 14 foiz ko‘proq quvvat jamlaydi. Kompaniya dunyodagi eng yupqa smartfonni yaratish maqsadida qurilmaga sig‘imi u qadar katta bo‘lmagan quvvat toshini tatbiq qilish rejasida bo‘lishi mumkin. Ammo, uning korpus qalinligi 7,15 mm, ya’ni iPhone 6s’dan 14 mm qalinroq bo‘lishi kutilmoqda.

Yangi ayfon 4 xil rangli talqinda, ya’ni kumush, tilla, kulrang-fazo, och tillarang talqinlarda ishlab chiqariladi. Nima sababdandir, kompaniya bu gal qora rang korpusli ayfonni ishlab chiqarmaydi.

Narx-navo

MobiPicker nashrining “ishonchli manbaa”ga suyanib yozishicha, mazkur mobil aloqa apparatining 32 GB xotiraga ega talqini $802, 64 GB talqini — $924, 256 GB talqini — $1075 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi. iPhone 7 Plus’ning 32 GB talqini $924, 128 GB talqini — $1045, 256 GB talqini — $1197 dollardan sotila boshlaydi.