iPhone 7 rasman taqdim qilindi

iPhone 7 rasman taqdim qilindi

Bir necha daqiqalar oldin Apple San-Fransiskodagi Bill Graham Sivik Anjumanlar zalida “7” raqamiga ega yangi iPhone modelini  namoyish qildi. iPhone 7 hamda uning yirikroq — iPhone 7 Plus talqini bir qator ilg‘or jihatlarga ega.

“Xayrli tong!” deya sahnaga chiqib kelgan Tim Kuk barchaga minnatdorchilik bildirdi. U so‘zi avvalida Apple Music tizimining  17 million obunachilari borligini ma’lum qildi. App Store’da 140 mlrd ilova, shulardan 500 mingtasi o‘yin ekanligini, endi ayfon foydalanuvchilari afsonaviy  Mario o‘yinini ham o‘ynashlari mumkinligini ma’lum qildi. Super Mario  Run o‘yini haqida ma’lumot berish uchun sahnaga Miyomota San taklif etildi.

“Aqlli soat”, yangi operatsion tizim, yangi turdagi simsiz quloqchinlardan so‘ng nihoyat navbat yangi ayfonga yetib keldi.

Taqdimot “Ayfon bu – smartfonlarning oltin standarti”, degan jumla bilan boshlandi.

“Biz 1 mlrd.dan ziyod ayfon sotdik, Yerning har 6 kishisidan biri ayfon foydalanuvchisi. iPhone 7 biz shu vaqtga qadar yaratgan ayfonlarning eng yaxshisidir”.

Gapni qisqa qilamiz …

Shunday qilib, 4,7 dyuymli iPhone 7 va 5,5 dyuymli iPhone 7 Plus taqdim qilindi.

Ko‘rinishidan jozibali va mislsiz dizayn, alyuminiy korpus va shisha uyg‘unligi, silliq dizayn va sayqallangan metall navbatdagi ayfonning tashqi hashamdorligini oshirgan.

iPhone 7

iPhone 7 qora, ko‘mir-qora (qora-oniks – yaltiroq tusli), tillarang, kumushrang va pushti-tillarang korpusli talqinlarda ishlab chiqariladi.

Korpus orqasidagi taram-taram antennaning plastik uloqlari endi deyarli ko‘rinmaydi. Ular tomga yaqin joydan o‘rin olgan. Korpusning orqa paneli shisha uyg‘unligida taqdim qilingan.

Metall va alyuminiy uyg‘unligidagi korpus 3 o‘lchamli sayqallash jarayonidan o‘tkazilgan. Shundan so‘ng alyuminiyni rang bilan to‘yintirish uchu unga kislorod orqali ishlov berilgan. Orqa panelga esa zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan Apple logotipi o‘rnatilgan.

Eng muhim xususiyatlardan biri, shubhasizki, iPhone 7 smartfonining IP67 standartini olgani, ya’ni chang va suv ta’siriga bardoshli korpusga ega bo‘lgani bo‘ldi.

iPhone 7

3,5 mm audio jek chindan ham yangi ayfon korpusida mavjud emas. Endi audio quloqchinni telefonga korpusdagi Lightning porti va maxsus adapter yordamida ulaymiz. Shu bilan  birga, “eng kuchli ayfon” korpusining quyi va tom qismida ilg‘or stereodinamikalarga ega bo‘lgani ham innovatsion yangilik bo‘ldi. Bu orqali uning ovozi 2 marotabaga balandlashgan.

iPhone 7 ham “ajdodlari” kabi HD sig‘imli Retina ekranga ega bo‘lgan. Misoli, hamyonbop smartfonlar kabi. Bu ko‘pchilikni xafa qilishi tayin.

Ekran sig‘imi esa avvalgi ayfonlarnikidan farq qilmaydi. Faqatgina uning yorqinligi 25 foizga oshganligi taqdimotda qayd etildi. Apple taqdim etgan yangi smartfon avlodi 32, 128 hamda 256 Gb hajmli doimiy ichki xotiralarda sotuvga chiqariladi.

iPhone 7 Plus’da esa iPhone 6s hamda 6s Plus bilan solishtirganda, quvvat samaradorligi 1 soatga oshgan. Bu Apple uchun rekord ko‘rsatkich.

iPhone 7’ning yuragi bo‘lmish A10 Fusion protsessori taqdimotda smartfon tarixidagi eng kuchli protsessor deb e’lon qilindi. To‘rt yadroli, 64 bitli protsessorning 2 yadrosi o‘yin yoki videoni, qolgan 2 tasi boshqa vazifalarga mas’ul. Bu protsessor yordamida smartfonda o‘yinlarni videoo‘yin pristavkasida o‘ynaganday sifatli va yorqin ranglarda o‘ynash mumkinligi ma’lum qilindi.

apple

Yuqoridagi suratda ko‘rib turganingizdek, simsiz audio tinglaganda to‘la quvvat iPhone 7’ga 40 soatga yetsa, iPhone 7 Plus’ga 60 soatga yetadi. 3G tarmoqdagi suhbatda esa to‘la quvvatlangan Ayfon 7’da 14 soat, uning “akasi”da 21 soat suhbat qurish mumkin.

Apple A10 Fusion oldingi A9 protsessoridan  40% tezroq ishlaydi. Unda videokarta samaradorligi ham 50%ga ko‘tarilgan. Akkumulyatorning ishlash vaqti iPhone 7’da 2 soatga cho‘zilgan.

iPhone 7 apparatining bosh modeli 12 megapikselli kameraga ega bo‘ldi. iPhone 7 Plus xuddi shu sig‘imli 2 ta bosh kamer ob’yektivi bilan ta’minlangan. Qo‘sh kameralardan biri keng burchakli surat olsa, boshqasi fokusni o‘rnatadigan teleob’yektiv vazifasini bajaradi.

Bosh kamera 12 MP, old kamera modulining sig‘imi 7 MP. Har ikkala kameralar f/1.8 diafragmaga ega. Bosh kamera ob’yektivida 6 ta linza o‘rnatilgan. Endi fotochaqnoq 2 emas, 4 ta diodli bo‘ldi, ya’ni qorong‘u sharoitda suratlar endi yanada yorqin. iPhone 7 Plus’da old kamerada barqarorlashtirish tizimi o‘rnatilgan.

Shuningdek, kameralar uchun suratni qayta ishlaydigan alohida protsessor ham o‘rnatilgan.  Avtofokus tizimining aniq va yorqin ishlashi kameraga yuqori sifatli suratlar olish imkonini beradi.

iPhone 7 Plus kamerasidagi 2-modulda ob’yektni 10 martagacha yaqinlashtirish mumkin bo‘lgan “raqamli zum” texnologiyasi tatbiq etilgan. Shu bilan birga, surat sifati saqlab qolinadi.

iPhone 7

Ikkinchi modul keng burchakli panoramalar olishga xizmat qiladi. Kamera optik barqarorlashtirish tizimi, optik yaqinlashtirish funksiyasiga ega bo‘ldi.

Yangi ayfon avvalgi — iPhone 6s’ga qaraganda 60%ga tezroq ishlab, 30% sifatliroq surat oladi.

Yangi iPhone joriy yilning iyun oyida taqdim etilgan iOS 10 operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Uning takomillashgan jihatlari sifatida Siri virtual yordamchisi va qo‘shimcha ilovalarni, Messages va  Maps ilovalarining yangi talqini, uydagi “aqlli” buyumlarni boshqarishga mo‘ljallangan  HomeKit dasturini, foydalanuvchining keyingi aytmoqchi bo‘lgan so‘zini topadigan sun’iy intellektga ega klaviaturani  e’tirof etish mumkin.

Shu bilan birga, taqdimotda AirPods simsiz quloqchinlari ham taqdim qilindi.

iPhone 7

Quloqqa oson joylashadigan mo‘’jaz gadjet  iPhone va Watch bilan chiqisha oladi va ular yordamida gadjetni boshqarish mumkin. Ularda uzluksiz 5 soat musiqa tinglash mumkin.

 

Smartfonlar LTE aloqa tarmog‘ining 25  diapazonida faoliyat ko‘rsatadilar.  Ularning ulanish tezligi LTE Advansed texnologiyasi yordamida 450 Mbit/s.ni tashkil qiladi. Bu iPhone 6’dan 3 marotaba tezkor degani.

Qolgan kommunikatsiya jihatlari avvalgi ayfonlarniki bilan ir xil: GPS va A-GPS, Bluetooth 4.2, NFC, 2 diapazonli Wi-Fi.

iPhone 7 hamda 7 Plus’da o‘rnatilgan lazerli datchik uni masofadan turib ishoralar bilan boshqarish imkonini beradi. Misol uchun, moy yoki loy bo‘lgan qo‘l orqali ham boshqarish mumkin.

Yangi ayfon ekrani kutilganidek 3D Touch texnologiyasiga ega bo‘ldi. Yangi ayfonning Home tugmasida esa Force Touch texnologiyasi tatbiq qilingan bo‘lib, u barmoq zarbining darajasiga ko‘ra faoliyat ko‘rsatadi.

iPhone 7 hamda 7 Plus qutisida gadjetlar bilan birga EarPods naushniklari, Lightning portiga ulash adapteri, Lightning-USB quvvatlash kabeli va qo‘llanma mavjud bo‘ladi.

iPhone 7 va 7 Plus smartfon bozoriga 16 sentyabrdan sotuvga chiqariladi. iPhone 7’ning oddiy talqini 649 AQSh dollaridan sotiladi. U 32, 128 hamda 256 GB doimiy xotira talqinlarida bo‘ladi.

iPhone 7

iPhone 7 Plus esa sotuvga $769 dollardan chiqariladi.

Simsiz AirPods naushniklari esa oktyabr oyida $159 dollardan bozorga chiqariladi.

Shuningdek,   suv o‘tkazmaydigan korpusga ega, 2 yadroli va avvalgi Apple Watch’dan 2 marotaba tezroq ishlaydigan Apple Watch Series 2 ya’ni yangi Apple Watch soati $370, uning yangilagan tizim bilan ta’minlangan avvalgi talqini yangilangan tizimga ega, $270 dollardan sotuvga chiqariladi.

Taqdimotda Pokemon Go o‘yinini endi yangi Apple Watch’da o‘ynash, yaqin oylar ichida App Store’dan Super Mario Run o‘yinini yuklab olish mumkinligi ham e’lon qilindi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!