iPhone 7 va iPhone 8'ning sotilish sur’ati taqqoslandi

iPhone 7 va iPhone 8'ning sotilish sur’ati taqqoslandi

KeyBanc Capital Markets kompaniyasi tahlilchisi Jon Vinning tadqiqotlariga ko‘ra, iPhone 7 va iPhone 7 Plus haligacha ham Apple'ning eng yaxshi sotilayotgan smartfonlari ekan. Yangi modellar esa xaridorlar orasida kutilganidek ommalashmayapti. Buning quyidagicha sabablari bor.

Birinchidan, yangi iPhone 8 modelidan so‘ng iPhone 7 flagmanining narxi ancha arzonlashdi. Ikki haftadan so‘ng sotuvga chiqariladigan iPhone X uchun 999 dollar sarflashni istamagan xaridorlar arzon, shu bilan birga, ayni paytda ham smartfon bozorining peshqadam gadjetlarini ma’qul ko‘rishmoqda. Shuningdek, foydalanuvchilarning fikricha, 7-
va 8-avlod iPhone smartfonlari o‘rtasida u qadar ham katta farq mavjud emas. Shu bois, nisbatan arzon devaysni tanlashmoqda.

Ikkinchidan, iPhone 8 ko‘rinishidan avvalgi avlod ayfonlari bilan bir xil. Garchi, unga shisha korpus paneli yoki simsiz quvvat olish texnologiyasi tatbiq qilingan bo‘lsa ham, biroq narx insofsizlarcha qo‘yilgan. Bu omillar esa xaridorlarning eski ayfonlarini ma’qul ko‘rishlariga sababchi bo‘ladi.

«Aksariyat smartfon yetkazib beruvchi riteylerning ma’lumot berishlaricha, aksariyat brend ishqibozlari iPhone 8'dan ko‘ra, iPhone 7'ni ma’qul ko‘rishmoqda», — deydi Vin.

iPhone 8'ning boshlang‘ich narxi – 699 dollar, iPhone 7 esa 549 dollardan boshlab sotilmoqda.

Yangi avlod ayfonlarining savdo sur’ati pastligining yana bir sababi mavjud – Apple bu modellarni ommalashtirish choralarini ko‘rmayapti. Hozircha asosiy e’tibor iPhone X'ga qaratilgan.

«iPhone 8 reklamasi va targ‘iboti bilan operatorlar faol shug‘ullanishayotgan bo‘lsa ham, bu natija bermayapti. 2016 yilda iPhone 7 flagmaniga juda katta e’tibor qaratilgan edi».

Aytish joizki, Jon Vin bu xulosalarga mobil aloqa operatorlari va yetkazib beruvchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida kelgan. Ehtimol, Apple Store kabi brend do‘konlarida vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin. Yana bir taniqli tahlilchi Ming-Chi Kuo bir oz avval iPhone 8'ning kutilganidan yaxshi sotilayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, bu ma’lumot Foxconn zavodi vakili tomonidan tasdiqlangan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.