«iPhone 8» allaqachon Xitoyda 100 dollardan sotuvga chiqdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  2183
  •  07.07.2017 13:12

«iPhone 8» allaqachon Xitoyda 100 dollardan sotuvga chiqdi! (+video)

Apple’ning «yubiley» smartfoni hali taqdim etilmay turib, Xitoyda allaqachon romsiz «iPhone 8» savdoga qo‘yilgan. Bu – uning aynan uning o‘ziday qilib ishlangan, hatto qutilariyam originaliga o‘xshagan sifatli qalbaki mahsulotdir, deb yozadi AKKet.com.

Butun dunyo ahli sabrsizlik bilan kutayotgan mazkur flagmanga AQShlik videobloger buyurtma bergan. Mahsulot Xitoydan yetib kelgach, uning videotavsifini tayyorlab, o‘zining YouTube-kanaliga joylagan.

Bir qarashda, buni haqiqiy iPhone 8 deb o‘ylash ham mumkin. U barcha ommabop ranglarda sotuvga chiqarilgan, jumladan, yangi (RED) Special Edition tusida ham. Videobloger aynan mana shu rangdagisini ochib va tekshirib, ishlatib ko‘rishga qaror qilgan. Shuningdek, smartfonning ichini ochib, ayrim detallariga ham ma’rif bergan.


Tushungan odam darrov fahmlaydiki, bu «olmali» kompaniyaning yangi mahsuloti emas, balki uning sifatli ishlangan klonidir. Videolavha muallifining ta’kidlashicha, u mazkur smartfonni Xitoydan atigi 100 AQSh dollari evaziga buyurtma berib oldirgan. Apple’ning haqiqiy flagmani narxi bundan naq o‘n baravar yuqori ekanligini hamma bilsa-da, sotuvchi bu mahsulotni original, deb ishontirishga rosa harakat qilgan.

Aniqlanishicha, «xitoycha iPhone 8» xuddi iOS 10’ga o‘xshatib yaxshigina niqoblangan Android operatsion tizimi boshqaruvida ishlaydi. Garchi ekrani smartfonning old panelini to‘liq egallagan bo‘lsa-da, qurilmani ishga tushirganda ko‘rinadiki, aslida displey uning anchagina kichkina qismida joylashgan. Tabiiyki, ekranning o‘zi ham past sifatli, 3D Touch texnologiyasi esa unda dasturiy emulyator yordamida ishlaydi.

Marhamat, o‘zingiz tomosha qiling:

Videorolik muallifining aytishicha, bunday «iPhone 8»lar Xitoyda sotuvga chiqqaniga allaqachon bir necha hafta bo‘lgan. Yaqin kelajakda bu smartfonlar boshqa mamlakatlarning bozorlariga ham kirib borishi mumkin. Tabiiyki, xaridorlarni ishontirish maqsadida uni asl mahsulot narxiga yaqin – qimmatroq sotishadi. Ularga aldanib qolmaslik uchun, e’tiborli bo‘lishni va faqat sinalgan, ishonchli savdo nuqtalaridan xarid qilishni tavsiya etamiz.

Eslatib o‘tamiz, xitoyliklar bundan oldin ham qalbaki iPhone 8 ishlab chiqarishgan edi, ammo bu yangisi to‘liq jamlanmasi bilan sotilayotgani e’tiborga loyiq.